Eron vazirining tashrifi Turkiya uchun noqulay paytga to'g'ri keldi

  • Amerika Ovozi

Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif

Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif

Eron tashqi ishlar vaziri Turkiyaga safar qilib, aloqalarni yaxshilash haqida gaplashmoqda. Muhammad Javod Zarifning bir kunlik tashrifi Anqara uchun o'ng'aysiz bir paytga to'g'ri keldi. Turkiya davlat banki moliyaviy qalloblikda, xalqaro sanksiyalar ostida qolayotgan Eronga yashirincha pul jo'natganlikda gumon qilinayapti.

Shunday ekan, Anqara va banklar xalqaro hamjamiyat tomonidan siquvga olinmoqda. Mamlakat kelgusida xalqaro moliya va sarmoyadan quruq qolishi mumkin.

Xususan, Halkbank rahbari Sulaymon Aslanning uyidan poyafzal qutilariga joylangan mo'may naqd pul topilgan. Prokuraturaning da'vo qilishicha, mablag' xalqaro sanksiyalarni chetlab o'tib Tehronga jo'natilishi mo'ljallangan.

Tahlilchi Atilla Yesiladaning aytishicha, tergov ishi Turkiyaning moliya sohasi sha'niga dog' tushirgan.

"Halkbankka qo'yilgan ayblovlar Turkiya bank tizimida yoriqlar borligidan, sistema qalloblik, terrorizmni moliyalash kabi illatlardan himoya qilinmaganidan dalolat beradi. Turkiya yana chetdan qarz oladimi, obro'sini tiklay oladimi?" - deya mulohaza yuritadi u.

Tehronning yadroviy izlanishlari bois xalqaro sanksiyalar kuchaysa-da, Turkiya-Eron savdo rishtalari oxirgi yillarda mustahkamlandi. Aloqalarda energetika importi muhim rol o'ynaydi. Anqara Eron gazining asosiy xaridorlaridan. Lekin sanksiyalar savdo-sotiqqa halaqit berayotgani haqiqat.

Halkbank "gaz evaziga tilla" loyihasi markazida turib, unga ko'ra, Eron gaz-neft uzatdi, Turkiya esa oltin bilan hisob-kitob qildi. G'arb sanksiyalari islomiy davlatga yevro yoki dollarda haq to'lashni man etadi, shu sababli Halkbank cheklovni aylanib o'tish uchun tilla bilan muomala qildi.

Vashington Turkiyaga Eron bilan savdo-sotiq qilgani uchun bot-bot tanbeh berdi. Ammo Milliyet gazetasi muxbiri Asli Oydintoshbosh nazarida oxirgi mojaro Amerika bilan aloqalarda jiddiy burilish qilishi gumon.

"Vashington o'zi ham Eron bilan orani yaxshilashga urinib keladi", - deya eslatadi u.

Bu orada, Turkiya hukumati qalloblikka doir tergov bois yuzlab politsiyachi, rasmiylarni ishdan bo'shatdi. Shunga qaramasdan, tekshiruvlar davom etayapti. Kuzatuvchilarning ogohlantirishicha, tergov ishi Turkiyaning jahon moliya bozori va sarmoyadorlar orasida nufuziga anchayin ziyon qilishi mumkin.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG