Breaking News

Turkiya Eron bilan chegarani devor bilan to'sishi mumkin


Turkiyaning Suriya bilan chegarasi
Turkiyaning Suriya bilan chegarasi

Turkiyaning Eron bilan chegarada devor qurish rejasini mintaqaviy ekspertlar tanqid qilmoqda.

Reja haqida rasman e'lon qilinmagan. O'tgan hafta Turkiya hukumatiga yaqin bo'lgan jurnalistlardan biri ismlari oshkor etilmagan rasmiylar bergan ma'lumotga tayangan holda devorni ko'tarish rejasi haqida xabar bergan edi. Bu bilan hukumat faoliyati man qilingan Kurdiston ishchilar partiyasi (PKK) jangarilarining Erondan Turkiyaga o'tishiga to'siq qo'ymoqchi ekani aytilgan.

“PKKning Eronda chegara bo'ylab ko'plab lagerlari bor. Bu lagerlarda 800 dan 1000 gacha jangari bor. Ular chegaradan o'tib, Turkiyaga xurujlar sodir etib, ortga qochadi", - deydi rasmiylardan biri.

Devorning eni 70 kilometr bo'lishi, chegaraning qolgan qismi temir panjara bilan to'silishi aytilmoqda.

2014-yildan beri Turkiya Suriya bilan salkam 900 kiloometrlik chegarasini beton to'siqlar va tikanli simlar bilan to'sib, bu ishga 672 million dollar sarflagan.

Tehrondagi hukumat qo'shni davlat qarorini olqishlab, chegarada devor qurilishiga qarshi emasligini bildirdi.

Eron hukumati bu bilan kiyim-kechak va boshqa mollar kontrabandasi kamayishiga umid qilmoqda. Tehronga ko'ra, Erondan Turkiyaga noqonuniy yo'l bilan yiliga ikki milliard dollarga teng mahsulot olib kiriladi.

Turkiya-Eron chegarasining uzunligi 500 kilometrdan oshiq bo'lib, ayrimlar nazarida, devor yoki to'siq o'rnatilishidan foyda yo'q va bu hatto mumkin emas.

“Chegaraning katta qismi o'tib bo'lmaydigan, tog'li rayonlarda joylashgan bo'lib, u yerda devor ko'tarib bo'lmaydi, undan foyda ham yo'q", - deydi Turkiya-Eron aloqalari bo'yicha mutaxassis, iste'fodagi turk polkovnigi Savash Bijer.

Iroqlik kurdlar masalasi bo'yicha ekspert Rebvar Karim Mahmudning aytishicha, PKK jangarilari chegarani besh barmog'iday biladi, devor ko'tarilgani bilan ular uchun bu muammo bo'lmaydi.

Anqaradagi Eronni o'rganish markazi tahlilchisi Hakki Uyg'ur Suriya bilan chegarada o'rnatilgan to'siq qanday natija berganini ma'lum qiladi. Unga ko'ra, 2014-yilda chegarada 3474 hodisa yuz bergan bo'lsa, ikki yil o'tib bu raqam 77 ga tushdi. Chegaradan noqonuniy o'tishlar shu davr ichida 12000 dan 8531 taga kamaydi.

“Demak, xulosa qilishimiz mumkinki, devor o'rnatilsa, PKK va boshqa yovuz niyatli guruhlarning Turkiyadagi harakatlari ancha susayadi", - deydi mutaxassis.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG