Eron neft uchun oltin olmoqda, deydi ekspertlar

  • Amerika Ovozi

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmat Dovuto'g'li (o'ngda) Istanbulda Eron muzokarachisi Said Jaliliy (o'ngdan ikkinchi) bilan uchrashmoqda, 14-aprel, 2012-yil.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmat Dovuto'g'li (o'ngda) Istanbulda Eron muzokarachisi Said Jaliliy (o'ngdan ikkinchi) bilan uchrashmoqda, 14-aprel, 2012-yil.

So’nggi oylarda Turkiya Eronga tilla eksportini oshirdi. Ayrim kuzatuvchilar nazarida Tehron xalqaro sanksiyalarni chetlashda davom etmoqda. Islomiy respublika yadro dasturidan qaytmas ekan, iqtisodiy va moliyaviy jazo choralaridan boshi chiqmayapti.

Joriy yilda Turkiya-Eron savdo oboroti oshib bordi. Turk oltin eksportining bunda ulushi katta, deydi Turkiyaning “Finansbank”i bosh iqtisodchisi Inan Demir.

"Eronga 2010- va 2011-yilda sotilgan oltin va taqinchoqlardan 4,3 milliard dollar tushgan bo’lsa, joriy yilning olti oyida bu qimmatbaho metal savdosidan Turkiya olti milliard dollardan ko’p pul ishladi. Farq juda ham katta", - deydi Demir.

Eron iqtisodiyoti xalqaro sanksiyalar bosimi ostida zaiflashar ekan, oltin eksportiga talab ortida sabab shu, deydi ayrim tahlilchilar.

Fransiya biznes maktabi mutaxassisi Jamshid Assadiyning aytishicha, Eronda inflyatsiya oshishi va mahalliy valyuta qadrining tushishi bilan bir paytda mamlakatda orasida tillaga talab oshgan.

"Hukumat pul ishlab olmoqchi. Biladiki, odamlar buning uchun yevroda, dollarda to’laydi. Tillani boshqa davlatlardan olib, fuqarolariga qimmatroqqa sotmoqchi. Eron pulga juda muhtoj hozir", - deydi tahlilchi.

Iqtisodchi Inan Demirning qo’shimcha qilib aytishicha, AQSh va Yevropa Ittifoqining moliyaviy sanksiyalari Eron banki tizimiga zarar yetkazdi. Mijozlar yonilg’i uchun Eronga valyuta to’lashi qiyinlashar ekan, oltin bilan hisoblashish muammoga yechim bo’lishi mumkin, deydi ekspert.

"Eron bank tizimiga qo’yilgan sanksiyalarni mana shu yo’l bilan chetlasa bo’ladi. Eron yonilg’ini vositachilar orqali sotishga majbur, chunki xalqaro bank tizimidan haydalgan. Importchilar vositachilarga valyuta to’laydi, ammo pulni Eronga bank tizimi orqali o’tkaza olmaydi. Natijada vositachilar bu pulga tilla buyumlar sotib olib, ularni Eronga yuboradi, deb o’ylayman", - deydi Inan Demir.

Turkiya Energetika vaziri Taner Yildiz Anqara Eron yonilg’isi uchun oltin bilan to’layapti, degan xabarlarni inkor etadi. Iyul oyida Turkiya AQSh sanksiyalariga amal qilishga kirishib, Eron bilan savdo eng past nuqtaga tushgach, avgust oyida import hajmi keskin oshdi.

Yevropa Ittifoqi Eronga tilla eksport qilishni ham taqiqlagan, biroq Turkiya ittifoqqa a’zo emasmiz, cheklovlarga amal qilishimiz shart emas, deydi.

AQSh davlat kotibining terrorizm va moliyaviy razvedka bo’yicha o’rinbosari Deyvid Koen o’tgan oy Istanbulda bo’lib, Eronga qo’yilgan sanksiyalar ijrosini nazorat qilish xususida gaplashgan.

Tilla eksportining oshgani Turkiyada biznes qilayotgan eronlik tadbirkorlar ishi yuksalgan bir paytga to’g’ri keldi.

Turkiyada chiqadigan “Zamon” gazetasi muharriri Karim Balchining aytishicha, so’nggi ikki yilda Turkiyada ish boshlagan Eron firmalarining soni Yevropa kompaniyalarining umumiy yig’indisidan ham ko’pdir. Biroq shu bilan birga, deydi jurnalist, Yevropa sarmoyalari Eronnikidan 100 baravar ko’p. Demak, deya xulosa qiladi Balchi, Eron kompaniyalarining asl maqsadi biznes qilish emas, balki sanksiyalarni chetlab o’tish maqsadida bu firmalardan vositachi sifatida foydalanish bo’lishi mumkin.

Turkiya Eron bilan chegaradosh bo’lib, islomiy respublika fuqarolariga bu davlatga borish uchun viza talab qilinmaydi. Bu esa firma ochish, savdo qilishda qulaydir. Ayrim kuzatuvchilar nazarida Tehronga nisbatan jazo choralarini qo’llashda davom etayotgan Bryussel va Vashingtonning Turkiya va Eron o'rtasida savdo-sotiqning kuchayishidan hushyor tortishi tabiiydir.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG