Suriya mojarosi sabab Anqara-Tehron aloqalariga darz ketdi

  • Amerika Ovozi

Sobiq ittifoqchilar Eron va Turkiya orasidagi munosabatlar tobora sovuqlashib bormoqda. Bunga asosiy sabab Suriya yuzasidan tafovutlardir. Anqara bu davlatda oppozitsion kuchlarga yaqindan yordam berayapti, Tehron esa prezident Bashar al-Assad hukumatiga tayanch.



Nizo shu darajaga yetdiki, Eron so’nggi yarim asrda ilk bor Turkiya bilan vizasiz tartibni bekor qildi.

Bu qaror munosabatlarga katta zarba, deydi Mehrdod Imadiy, xalqaro masalalarni o’rganuvchi Betamax kompaniyasi eksperti.

“Keskinlik oshib borayotgani ortida turlicha sabablar, manbalar bor. Ikki mamlakat Suriya mojarosiga har xil yondashayotgani bir faktor xolos. Aloqalar hech qachon bu darajada yomonlashgan emas”, - deydi Imadiy.

Eron rahbarlari va diplomatlarining Turkiyaga nisbatan tanqidlari tobora o’tkirlashib borar ekan, Bosh vazir Rajab Toyip Erdog’an yaqinda qo’shni davlatni ko’rnamaklikda aybladi. “Sizning yadro dasturingiz yuzasidan xalqaro tortishuvlarni yumshatishga biz hissa qo’shganmiz”, - deydi Erdog’an.

Ikki yil ilgari BMT Xavfsizlik Kengashida Turkiya Eronga yangi sanksiyalar qo’ymaslik uchun ovoz bergan edi.

Turkiya diplomati Murod Bilhan Eron pozitsiyasini tushunish qiyin, deydi.

“Qurolli kuchlar bosh shtabi qo’mondoni jurnalistlar oldida Turkiyani rosa tanqid qiladi. So’ng tashqi ishlar vaziri buni rad etadi. Kimga ishonishni bilmaysan kishi”, - deydi sobiq rasmiy.
Suriya va Eron yaqin ittifoqchilar

Suriya va Eron yaqin ittifoqchilar


Murod Bilhan fikricha, Tehrondan signal shuki, Anqara Suriyada isyonchilar tomonidan qo’lga olingan 48 eronlikni ozod etishda yordam bersin.

Tahlilchi Mehrdod Imadiy ta’biricha esa mujmal bayonotlar Eron tashqi siyosatida yakdillik yo’qligidan darak beradi.

Kurd jangarilari, ma’lumki, Turkiya uchun nozik masalalardan biri. 1990-yillarda Eron Kurdiston Ishchilar partiyasini qo’llab-quvvatlagan. Suhbatdoshga ko’ra, Eron bu guruhdan yana foydalanishi mumkin, ammo bu xavfli o’yin.

Eron-Turkiya munosabatlari hozir Suriya mojarosi bilan chambarchas bog’liq.

Jurnalist Akif Emrening aytishicha, u yerda vaziyat keskinlashgan sari ikki davlat aloqalari ham taranglashib boraveradi.

“Xavotir shundaki, Suriya urushi butun mintaqani o’z domiga tortishi, qo’shnilarni urush yoqasiga olib kelishi mumkin”, - deydi u.

Prezident Bashar al-Assadni hokimiyatdan ketishga chaqirib kelayotgan AQSh Tashqi ishlar vazirasi Xillari Klinton o’tgan hafta Anqaraga tashrif buyurib, qo’shma guruh tuzishga kelishib oldi.

Suriyadagi qo’zg’olon nima bilan tugashini hech kim bilmaydi, deydi har ikki davlat rasmiylari. Demak, harbiy, razvedka va siyosiy jabhalarda, shuningdek, Assad ma’muriyati kimyoviy qurollarni qo’llagan taqdirda zarur chora ko’rishga tayyor turish lozim.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG