Turkiya Eronni Yaman ichki ishlariga aralashmaslikka chaqirdi

  • Amerika Ovozi

Turkiya prezidenti Eronning Yaqin Sharqda yetakchilikni qo'lga olishiga toqat qila olmasligini bildirdi. Ayni paytda Anqaraning qo'shni o'lka bilan mazhablararo ziddiyatga kirishishi mumkinligi haqida xavotirlar bor. Kuzatuvchilarga ko'ra, Turkiyaning qo'shnilar bilan olib borayotgan keskin siyosati salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an Yamanning ichki ishlariga aralashayotganlarni mintaqani tark etishga chaqirdi. O'tgan hafta Erdog'an Tehronni Yamanga askar kiritganlikda ayblab, bu davlatning Yaqin Sharqda yetakchilikni qo'lga olish harakatlariga toqat qila olmasligini aytgan edi.

Istanbuldagi Sulaymonshoh universiteti tadqiqotchisi Chingiz Aqtarning aytishicha, Turkiya rahbarining bu bayonoti tashqi siyosatda jiddiy o'zgarish yuz berayotganidan dalolat qiladi.

"Bu juda yangi siyosat. Turkiya Eronga tik boqib, unga ochiq dushman sifatida muomala qilmoqda. Bu uning saudiylar va amirlikka yanada yaqinlashib, mintaqadagi sunniylar ittifoqiga qo'shilayotganini anglatadi. Aralashmaslik va Eronni ajratib ko'rsatmaslik siyosati tugadi", - deydi u.

Anqara Yamanda Saudiya Arabistoni yetakchiligida olib borilayotgan harbiy amaliyotga razvedka va yuk yetkazish bo'yicha yordam berishini ma'lum qildi. Riyod Tehronni Yamanda hutiy isyonchilarini qo'llab-quvvatlayotganlikda ayblaydi. Eron esa bu ayblovni inkor etadi. Qirol Abdulloh vafot etgandan beri Turkiya rahbari Riyodga ikki marta tashrif buyurdi. Kuzatuvchilarga ko'ra, Erdog'an yangi qirol bilan aloqalarni yaxshilashga urinmoqda.

Kuzatuvchilarga ko'ra, Saudiya Arabistonining yangi rahbari Salmon Bashar al-Assadga qarshi isyonchilarni qo'llab-quvvatlab, Eronni ochiq tanqid qila boshlagach, Anqara va Riyod o'rtasida yaqinlashuv kuchaygan.

Erdog'anning "Adolat va Taraqqiyot" partiyasi islomiy asoslarga ega. Turkiyaning sobiq elchisi Murat Bilhanning aytishicha, Anqara so'nggi paytlarda mintaqaga sunniy va shialar o'rtasidagi bo'linish nuqtai nazari bilan qaramoqda.

"Turkiyada tepadagilar Eronni tahdid sifatida ko'rmoqda. Chunki Turkiyaning atrofi shialar bilan o'ralgan, bu esa hukumatdagilarda xavotir uyg'otmoqda. Ular Eronning Turkiya janubiga ta'sirini to'xtatmoqchi", - deydi u.

Tehronning Suriya hukumatini qo'llab-quvvatlashi va Iroqda ham ta'sirini kuchaytirayotgani Anqara va Tehron aloqalariga putur yetkazgan. Shu paytgacha ikki mamlakat o'zaro savdoni rivojlantirish maqsadida bahsli tafovutlarga e'tibor bermay kelayotgan edi. Shu oy Erdog'anning Eronga borishi belgilangan.

Istanbul universiteti tahlilchisi Nuray Mertning aytishicha, tarixan Eron va Turkiya aloqalari murakkab bo'lgan, ammo so'nggi paytlarda Anqara qarashining keskin o'zgargani Tehronni xavotirga solmoqda.

"Eron hozir Turkiyani katta muammo sifatida ko'rmoqda. Turkiya tarixda safaviylar va usmonlilar o'rtasida kechgan Chaldiron jangiga qaytmoqda, degan norasmiy gaplar ham bor. O'tmishga qaralsa, faqat raqobat, qarshilik va mazhabparastlikni ko'rish mumkin. Eronliklarga ko'ra, Turkiya mazhabparastlik qilyapti", - deydi tadqiqotchi.

Tahlilchi Bilhan esa Turkiya hozir hatto Eron va G'arb davlatlari olib borayotgan yadro muzokaralariga ham shubha bilan qaramoqda, degan fikrda.

"Turkiya boshidan Lozanna muloqoti haqida sukut saqlab kelayotgan edi. Anqara nazarida, agar Eron va G'arb o'rtasida aloqalar tiklansa, bundan Turkiya zarar ko'radi. Chunki bir necha o'n yillardan beri G'arbning hamkori va ittifoqchisi Turkiya bo'lib kelgan. Eron kuchaysa. Turkiya zaiflashadi, degan qarash bor. Turkiya o'zini ajratib qo'yilgandek his qiladi", - deydi u.

Anqara hozir janubdagi barcha qo'shnilari bilan yomon yoki uzilgan diplomatik aloqalarga ega. G'arb bilan munosabatlar ham ishonchsizlik asosiga qurilgan. Erdog'an esa Turkiyaning yuksak axloqiy normalar asosida ish tutayotganini ta'kidlamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG