Iroq Turkiya-Kurdiston neft savdosidan norozi

  • Amerika Ovozi

Iroq Kurdistonida neft quvurlari

Iroq Kurdistonida neft quvurlari

Rasmiy Bag'dod va yarim muxtor Kurdiston hukumati o'rtasida neft zaxiralari sabab chuqurlashayotgan munozaraga Turkiya ham tortilayotgan ko'rinadi. Iroq Anqarani kurdlar bilan savdo-sotiq qilmaslikka chaqirdi.

Kurdiston rahbariyati qo'shni Turkiyaga o'nlab neft tankerlarini yubora boshlagan. Neft Turkiyada qayta ishlanib, Kurdistonga qaytariladi. Anqaraning o'tgan hafta ma'lum qilishicha, hozirda Turkiyaga kuniga 5-10 tanker neft yuborilmoqda. Raqam 100-200 tankergacha ko'tarilishi rejalashtirilgan.

Iroq hukumati bundan norozi. Bosh vazir Nuriy al-Malikiy qo'shni davlatdan bu ishga chek qo'yishni talab qilmoqda. Biroq sobiq turk diplomati Sinon Ulgen fikricha, Anqara Bag'dod da'vatlarini e'tiborsiz qoldiradi.

"Nazarimda, Anqara rozi bo'lmaydi. Bunga ikki sabab bor. Birinchidan, Malikiy hukumati bilan aloqalar ancha tarang. Turkiya Malikiyni hokimiyatni o'z qo'lida mujassamlashtiryapti, deb ayblab keladi. Demak, Malikiy hukumatiga ma'qul ishni qilishga shoshilmaydi. Ikkinchidan, Anqara Kurdiston rahbariyatining Bag'dod bilan aloqalarda pozitsiyasini zaiflashtirishga qaratilgan hech bir harakatga qo'l urmaydi", - deydi Ulgen.

Kurdiston muxtoriyati va Iroq markaziy hukumati mamlakat shimolidagi neft zaxiralari yuzasidan tortishib keladi. Bag'dod neft faqat markaziy hukumat roziligi bilan davlat nazoratidagi quvurlar orqali sotilishi mumkin desa, kurdlar konstitutsiyaga ko'ra, muxtoriyat Bag'dod bilan maslahatlashmaslik huquqiga egaligini aytadi.

Kurdiston mintaqaviy hukumati Tashqi ishlar vaziri Felo Mustafo Bakirning aytishicha, muxtoriyat Iroq konstitusiyasiga xilof ish qilayotgani yo'q.

"Bosh qomusni e'zozlaymiz, xalqimizga yordam bermoqchimiz. Biz energetika sektorini rivojlantirishga muvaffaq bo'ldik. Kuniga 175 ming barrel neft qazib olayapmiz. O'tmishda esa bu yerdan bir barrel ham chiqmasdi", - deydi vazir.



Muxtoriyat Bag'doddan mustaqil ravishda Ekson (Exxon) kabi yirik neft kompaniyalari bilan kontraktlar imzolagan. Kurdiston Energetika vaziri maslahatchisi Maykl Xovard Turkiya bilan savdoni rivojlantirish kerak, deydi.

"Turkiya iqtisodi o'sib bormoqda. Kelasi 10 yilda dunyoning 10 eng rivojlangan mamlakati safiga qo'shiladi. Ammo Turkiyaning energetika zaxiralari cheklangan. Demak, bu sohadagi xavfsizlikni ta'minlash uchun qo'shnilar bilan hamkorlik qilishi kerak. Shu bilan birga Turkiya - energetika zaxiralari tranziti uchun katta imkoniyat", - deydi mutaxassis.

Eronga nisbatan xalqaro sanksiyalar joriy etilganidan buyon Anqara Tehron bilan savdo-sotiqni cheklashga majbur bo'ldi. Kurdiston bilan aloqalar Turkiya uchun qulay imkoniyat. Bag'dod nima deyishidan qat'iy nazar, ular davom etaveradi, deydi tahlilchilar.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG