Bag'dod Turkiya va Kurdistonni sudga bermoqchi

  • Amerika Ovozi

O’tgan yili Turkiya Iroqning Kurdiston muxtoriyati bilan neft importiga oid shartnoma imzolagan edi. Mahsulot Turkiyaga yetkazila boshladi. Ammo Bag’dod hujjatni qonunga zid deb, ishning xalqaro sudda ko’rilishini talab qilmoqda.

Iroqning energik boyliklari ustida raqobat qizir ekan, Bag’dod xalqaro yuridik firmani yollab, Kurdiston muxtoriyatidan Turkiyaga neft sotilishini to’xtatmoqchi. O’tgan yili Anqara kurd ma’muriyati bilan keng qamrovli savdo-sotiq kelishuvi imzolagan edi. Dekabr oyida neft yangi qurilgan quvur orqali Turkiyaning O’rta yer dengizi sohilidagi Jayxun portiga oqa boshladi.

Energiya eksportiga oid hujjatlarni faqat markaziy hukumat imzolashga haqli, deydi Bag’dod rasmiylari.

Izmirdagi Yasar universitetidan energiya siyosati bo’yicha ekspert Emre Iseri fikricha, bu huquqiy iddao shartnomaning bajarilishiga to’sqinlik qilmoqda.

“Xalqaro huquq, qonunlar haqida gap ketayapti. Xalqaro huquq tamoyillariga qarshi chiqqan taraf o’z imkoniyatlarini cheklagan bo’ladi”, - deydi u.

Anqara nazarida kurdlar bilan erishilgan kelishuv Iroq konstitutsiyasiga zid emas. Rajab Erdog’an hukumati Bag’dodni buni tan olishga undamoqda.

Bryusseldagi Karnegi tadqiqotlar markazidan tahlilchi Sinan Ulgen deydiki, bu ish yuzasidan advokatlar yollangani Bag’doddagi xavotirlarni aks ettiradi.

“Kurdiston muxtoriyati va Bag’dod o’rtasida siyosiy muvozanat o’zgarishi mumkin. Iroqning boshqa hududlari, masalan Basra viloyati ham o’zboshimcha qarorlar qabul qila boshlashidan qo’rqishadi. Markaz nazoratni, mamlakat birligini saqlab qolish uchun bu ishni yutib chiqishi kerak”, - deydi Ulgen.

Iroq hukumati energiya boyliklari savdosi yuzasidan xavotir bildirayotgan yagona taraf emas. Bag’dodni bu masalada xalqaro sahnada qo’llab-quvvatlayotganlar bor.

“Bu masalada AQSh va Eronning qarashlari, ozmi-ko’pmi, yaqin. Qo’shma Shtatlar Iroqni yaxlit davlat sifatida ko’rishni istaydi, Eron ham Iroqning parchalanib ketishiga qarshi. Rossiya esa neft va gaz bozorida yangi o’yinchi paydo bo’lishidan manfaatdor emas”, - deya sharhlaydi Emre Iseri.

Kurdiston muxtoriyati bilan erishilgan bitim Anqara uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Yonilg’i manbalarini diversifikatsiyalash va savdo-sotiqni kengaytirish uchun imkoniyat bu, deydi Ulgen.

“Turkiya hukumati bitimni himoya qilishda davom etadi. Qo’shimcha energiya manbalariga muhtoj Turkiya uchun ham iqtisodiy, ham siyosiy ahamiyati bor uning”, - deydi tadqiqotchi.

Kurdiston muxtoriyati hozirdanoq Turkiyaning ikkinchi eng yirik savdo hamkori deb ko’rilmoqda. O’rtadagi neft shartnomasi taqdirini xalqaro huquq bo’yicha mutaxassislar va sud hal qilishi mumkin. Kuzatuvchilar fikricha, Anqara sud hukmini tan oladi, ammo uzoq cho’zilishi kutilayotgan bu jarayon davomida Bag’dodni ham bitimga sherik bo’lishga ko’ndirmoqchi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG