Turkiya Iroqda jangarilar kuchayishidan xavotirda

  • Amerika Ovozi

ISID jangarilari Suriyaning Turkiya bilan chegaradosh Tel-Abyad shahrida parad uyushtirgan. 2-yanvar 2014-yil

ISID jangarilari Suriyaning Turkiya bilan chegaradosh Tel-Abyad shahrida parad uyushtirgan. 2-yanvar 2014-yil

Iroqning Mosul shahrida Turkiya konsulligining jangarilar tomonidan egallangani Anqaraning jiddiy xavotirlariga sabab bo’ldi.

“Iroq va Sham Islomiy davlati” (ISID) nomli jangarilar guruhi 49 nafar Turkiya diplomati va oila a’zolari, shu jumladan yosh bolalarni garovga olgan. ISID so’zlovchisi Iroqning Kurd axborot agentligiga ularga ziyon yetmasligini aytgan.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmet Davutoglu agar diplomatlarga ziyon yetsa, tezda qasos olamiz, deb bayonot berdi.

Adliya vaziri Bekir Bozdagning bildirishicha, Turkiya hukumati harbiy operatsiya boshlash uchun yetarli qonuniy asos bor yoki yo’qligi masalasini ko’rib chiqmoqda.

“Hozirgi mandat harbiy operatsiya boshlash uchun yetarlimi yoki yangi asos kerakmi. Mana shu masala muhokama qilinmoqda”, - dedi Anqara rasmiysi.

Xorijiy davlat hududidagi harbiy operatsiyaga faqat Turkiya parlamenti ruhsat bera oladi. O’tgan yili parlament qo’shni Iroqda panoh topgan kurd isyonchilariga qarshi harakatga rozilik bergan edi, ammo mandat muddati sentabr oyida tugagan.

Istanbul siyosat markazidan tahlilchi Chingiz Aktar Turkiya operatsiyani amalga oshirmasligi mumkin, degan fikrda.

“Turkiya harbiy aralashuvini Mosuldagi konsullik xodimlarining garovga olingani bilan oqlash mumkin. Ammo Anqara intervensiya qilishga jur’at etadimi, bu masalada jiddiy shubham bor”, - deydi u.

Bundan oldin ISID 30 nafar turk haydovchisini ham garovga olgan edi. Turkiya matbuotiga ko’ra, haydovchilardan biri agar garovdagilar uchun pul to’lanmasa, ular qatl etilishi mumkinligini aytgan.

Rasmiy Anqara bu muammoni ham hal etishi kerak. Umuman olganda, Turkiya hukumati oldida mintaqaviy siyosat borasida jiddiy masala turibdi, deydi Istanbuldagi Kadir Has universitetidan xalqaro munosabatlar bo’yicha ekspert Soli Ozel.

“Mosulning jangarilar qo’liga o’tishi va konsullikning egallanishi Turkiyaning qo’shinlar bilan olib borayotgan tashqi siyosati muvaffaqiyatsizlikka uchraganidan dalolat beradi. Chunki Turkiya bu tashkilotni bevosita bo’lmasa-da qo’llab-quvvatlagan, unga chidab turgan va ta’minlagan”, - deydi tahlilchi.

Turkiya matbuotida ISID jangarilarining Suriya bilan chegaradosh Turkiya shaharlarida yurgani va hatto turk kasalxonalarida davolanayotgani haqida ma’lumot va suratlar talay. Ammo hukumat bu guruhga yordam ko’rsatganini inkor etmoqda.

Tahlilchi Ozel agar Turkiya ISIDga qarshi harakat qilsa, guruh o’ch o’lishi mumkinligidan ogohlantiradi.

“Turkiyada ularning jangarilari bor. Tarafdorlari ham bo’lishi mumkin. Saflarida esa turklar ko’pligiga ishonchim komil”, - deydi mutaxassis.

Anqara esa mintaqaviy siyosatini qayta ko’rib chiqayotgan ko’rinadi.

O’tgan oyda Turkiya al-Qoidaga aloqador “al-Nusra” guruhini terrorchi tashkilotlar ro’yxatiga kiritdi. Shu hafta boshida Turkiya va Eron prezidentlari mintaqada terrorchilik va radikal esktremizm tahdidiga qarshi kurashda hamkorlik qilishga kelishib oldi.

Kuzatuvchilar fikricha, Iroqdagi so’nggi voqealar bu hamkorlikni tezlashtirishi mumkin. Ammo undan samara bo’lish-bo’lmasligini vaqt ko’rsatadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG