Turkiya-Iroq munosabatlari taranglashmoqda

  • Amerika Ovozi

Iroqning Basra shahrida namoyishchilar Turkiya bayroqlarini yoqmoqda, Anqaradan qo'shinlarini chiqarishni talab qilmoqda, 18-dekabr, 2015-yil

Iroqning Basra shahrida namoyishchilar Turkiya bayroqlarini yoqmoqda, Anqaradan qo'shinlarini chiqarishni talab qilmoqda, 18-dekabr, 2015-yil

Iroq hukumati Turkiya qo'shinlarini Iroqdan haligacha butunlay chiqarmaganidan norozi. Anqaraga xalqaro hamjamiyat ham bosim qo'ymoqda. Turkiya "Islomiy davlat"ga qarshi kurashayotgan kuchlarni harbiy tayyorgarlikdan o'tkazayotgan harbiylari xavfsizligini ta'minlash uchun Iroqqa qo'shin yuborganini aytadi.

Iroq turk askarlari va texnikasi chiqarilmasa, kuch ishlatishi mumkinligi haqida ogohlantirgan. Tashqi ishlar vaziri Ibrohim Jafariyning aytishicha, suverenitetni himoya qilish uchun Iroq jang qilishga tayyor.

Turkiya Bosh vaziri Ahmat Dovuto'g'lining bildirishicha, Bag'dod do'q-po'pisa o'rniga "Islomiy davlat"ga qarshi kurashishi lozim.

Turkiya bir necha hafta oldin Iroq shimolida joylashgan Bashiqa shahriga askar va tanklarini yuborgan. Ularga shahardagi tayyorgarlik lagerini qo'riqlash vazifasi topshirilgan. Turk harbiy mutaxassislari u yerda "Islomiy davlat"ga qarshi jang qilmoqchi bo'lgan kuchlar bilan shug'ullanadi. Bag'dod Anqara u bilan maslahatlashmay qo'shin kiritganidan g'azabda. Markaziy hukumatning qator da'vatlaridan so'ng Turkiya askarlarining bir qismini chiqarishga majbur bo'ldi, biroq Bag'dod Iroqda birorta turk harbiysi qolmasin, demoqda.

Bryusseldagi Karnegi institutida izlanish olib borayotgan turk tahlilchisi Sinan Ulgenning aytishicha, Anqara o'z bilganidan qolmaydi.

"Bosh vazir Dovuto'g'li Iroqdagi turk askarlari Kurdiston hukumati bilan imzolangan bitim asosida xizmat qilayotganiga ishora qiladi. Agar Bag'doddagi markaziy hukumat butun mamlakatni nazorat qila olganida edi, Turkiyaga so'zi o'tar edi, ammo bilamizki, katta hududlar hukumat nazoratidan chiqqan", - deydi Ulgen.

Anqara o'z muxtoriyatini e'lon qilgan Iroq Kurdistoni bilan hamkorlikni oshirmoqda. Bag'dodning kurdlar bilan ham aloqalari tarang. Mamlakat shimolining aksariyat qismi kurdlar qo'lida.

Turkiyaning Iroq Kurdistonidagi birinchi konsuli bo'lib ishlagan Oydin Seljenning aytishicha, Anqara Bag'dod masala bo'yicha yon beradi degan umidda.

"Birinchidan, Iroq hukumati NATOning muhim a'zosini, muhim qo'shnisini Bashiqadan chiqarib, foyda ko'rmaydi. Ikkinchidan esa, bu uning qo'lidan kelmaydi, qurbi yetmaydi", - deydi diplomat.

Bag'dod bu masalada xalqaro hamjamiyatdan yordam kutmoqda. Vashington Anqaradan harbiylarini Iroqdan chiqarishni so'ragan, Arab Ligasi AQShning bu da'vatini qo'llab-quvvatladi.

Tahlilchi Ulgen nazarida, Turkiya Bag'dodning bu harakatlari ortida Tehron turibdi degan fikrda.

"Iroq sobiq Bosh vaziri Nuri al-Malikiyning bayonotlari Bag'dod pozitsiyasiga ta'sir qilgani aytiladi. Turk rasmiylariga ko'ra, Malikiy Eron siyosati ta'siri ostida ish ko'radi", - deydi ekspert.

Anqara va Tehron Suriyadagi fuqarolar urushida qarama-qarshi tomonlarni qo'llab-quvvatlab kelmoqda. Eron, shuningdek, Rossiya bilan ham hamkorlik qilmoqda, Turkiyaning esa Moskva bilan aloqalari sovuqlashgan. Sobiq turk diplomati Seljenga ko'ra, Bag'dod bilan munosabatlar taranglashishda davom etsa, Anqaraning muammolariga muammo qo'shiladi.

"Vaziyat o'ta murakkab, istalgan payt portlab ketishi mumkin. Uni nazorat qilish uchun Anqara ko'proq harakat qilishi kerak endi", - deydi u.

Biroq tahlilchi Ulgenning aytishicha, Turkiya rahbarlari raqib davlatlar ularning rejalariga g'ov bo'la olmasligiga amin va Anqara mintaqa kelajagini belgilashda o'z so'ziga ega bo'lmoqchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG