Erdog'an: Musul amaliyotida Turkiya askarlari qatnashishi kerak

  • Amerika Ovozi

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an Istanbulda o'tgan islomga oid yig'inda gapirmoqda, 11-oktabr, 2016-yil.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an Istanbulda o'tgan islomga oid yig'inda gapirmoqda, 11-oktabr, 2016-yil.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an Iroq bosh vazirini Musul uchun bo'ladigan harbiy amaliyotni turk askarlari ishtirokisiz o'tkazmaslikka chaqirdi.

Erdog'anning Istanbulda diniy ulamolar bilan o'tgan uchrashuvda aytishicha, Musul yaqinidagi bazada joylashgan Turkiya askarlari hududni tark etmaydi va Bag'doddagi hukumat buyruqlariga quloq solmaydi.

"Turkiya armiyasi sizdan buyruq oladigan darajada sifatini yo'qotgan emas", - dedi u Iroqning hududni tark etish haqidagi talablariga ishora qilib.

Anqara Musul shimoli-sharqidagi, asosan, sunniylar yashovchi hududga mingdan ziyod askar kiritgandan beri Bag'dod bilan aloqalar keskinlashgan. Iroq suvereniteti buzilganini aytib, Turkiyadan qo'shinlarini olib chiqishni talab qilib keladi.

Turkiyaning ogohlantirishicha, agar Musul shia jangchilari nazoratiga o'tsa, hududda mazhablararo zo'ravonlik avj olishi mumkin.

O'z navbatida Bag'dod Turkiyani Iroq ichida qo'shin saqlash orqali mintaqaviy urush ehtimolini keltirib chiqarayotganlikda aybladi.

AQSh Davlat departamentining 11-oktabr kungi bayonotiga ko'ra, Bag'dod Iroqdagi barcha tashqi kuchlarni qo'llab-quvvatlashi kerak va bu kuchlar "Islomiy davlat"ga qarshi koalitsiyaning cheklangan vakolatlari doirasida harakat qilishi lozim.

Shuningdek, Turkiya Bosh vaziri Binali Yildirimning ogohlantirishicha, Musulni ozod qilish bo'yicha olib boriladigan harbiy amaliyot sunniylar yashovchi hududda demografik o'zgarishlarga sabab bo'lmasligi kerak.

Tahlilchilar fikricha, Anqara hududda kurd va shia guruhlari kuchayib, sunniy arablar va turkmanlarning quvib chiqarilishidan xavotirda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG