Breaking News

Hujumlar ketidan kurd bo'lginchilar Turkiya bilan sulhdan voz kechdi


Ikkinchi kundirki, Turkiya o'zini "Islomiy davlat" deb atagan jihodchilarning Suriyadagi manzillariga o'q yog'dirmoqda. Iroq shimolida joylashgan kurd jangarilari ham ilk bor nishonga olingan.

Bosh vazir Ahmet Dovuto'g'lining ta'kidlashicha, harbiy operatsiya Turkiyaga qarshi tahdidlar bartaraf etilmaguncha davom etadi. "Turkiya qonunsiz bir o'lkaga aylanishiga yo'l qo'ymaymiz", - deydi u.

Kurd muxtoriyati uchun kurashib kelayotgan Kurdiston ishchilar partiyasining (PKK) Iroqdagi bazalariga hujum - oradagi sulh kelishuvi bekor qilindi hisob. BMT, AQSh va Yevropa Ittifoqi tomonidan terrorchi tashkilot deb belgilangan bu guruh bilan Anqara 2013-yildan buyon murosa yo'lini izlab kelayotgan edi.

Partiyaning jangovar qanoti bugungi bayonotida uch yillik sulhga bundan keyin amal qilmasligini bildirib, Turkiyani agressiyada ayblagan.

Turkiya fuqarolari chegara hududlarda xavfsizlikni kuchaytirish tashabbusini qo'llab-quvvatlamoqda. "Hukumat qo'shni davlatdagi jangarilarga zarba berayotgani to'g'ri qaror", - deydi bu fuqaro.

Anqara, shuningdek, AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiyaga o'zining Injirlik havo bazasidan foydalanishga ruxsat berdi. Turkiya vazirlar mahkamasi bu boradagi bitimni ma'qullagach, bazadan koalitsiya samolyotlari, jumladan pilotsiz dronlar ham ucha boshlaydi.

"Turkiya har qanday xavfdan o'zini himoya qilishga haqli. Bizga qarshi qilingan hujumlar jazosiz qolmaydi", - deydi Bosh vazir Dovuto'g'li.

Dushanba kuni Suriya bilan chegaradosh Suruch shahridagi portlashda 32 odam halok bo'lgan edi. Hujumda "Islomiy davlat" to'dasi ayblangan.

Turkiya bo'ylab o'tkazilgan reydlarda jangarilar bilan aloqada gumon qilingan 590 kishi qo'lga olingan. Operatsiyada 5 ming politsiyachi va jangovar texnika jalb qilingani xabar qilinmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG