Breaking News

AQSh va Turkiya "Islomiy davlat"ga qarshi kurashda hamkorlikni kuchaytiradi


AQSh qiruvchi samolyoti terrorchilar istehkomlarini yo'q qilish uchun Turkiyaning Injirlik aviabazasidan havoga ko'tarilmoqda, 12-avgust, 2015-yil.
AQSh qiruvchi samolyoti terrorchilar istehkomlarini yo'q qilish uchun Turkiyaning Injirlik aviabazasidan havoga ko'tarilmoqda, 12-avgust, 2015-yil.

Anqara “Islomiy davlat” jangarilarini dastaklayotgani haqidagi iddaolarni aksariyat G’arb davlatlari asossiz deb hisoblaydi va ular Turkiya bilan hamkorlikda ekstremizmga qarshi kurashni yanada kuchaytirmoqda.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining Bryusselda jurnalistlarga ma’lum qilishicha, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an AQSh bilan birgalikda Turkiya-Suriya chegarasini yopishda hamkorlik qiladi.

Turkiyaning Vashingtondagi yuqori martabali diplomati “Amerika Ovozi”ga AQSh va Anqara qo’shma harbiy operatsiyani rejalashtirayotganini tasdiqladi.

Shu paytgacha Anqara “Islomiy davlat” jangarilariga qarshi yetarli choralar ko’rmagani uchun tanqidga uchrab keladi.

Bunday iddaolar Turkiya Rossiya harbiy samolyotini urib tushirganidan keyin yanada kuchaydi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Turkiyani “terrorchilar maslakdoshi” deb atadi. Bosh vazir Dmitriy Medvedev ham Anqara “Islomiy davlat”ni qo’llab-quvvatlayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, Amerika Tadbirkorlik instituti tahlilchisi Maykl Rubin “Turkiya hukumati va xavfsizlik kuchlari “Islomiy davlat”ni zimdan qo’llab-quvvatlaydi”, deb aytgan edi.

Ammo G’arb hukumatlari Turkiyaning “Islomiy davlat”ga qarshi kurashdagi roliga urg'u berishda davom etmoqda.

Parijdagi xurujlardan keyin Turkiya va AQSh Turkiya-Suriya chegarasining “Islomiy davlat” jangarilari foydalanadigan 98 kilometrlik qismini harbiy operatsiya orqali yopishga qaror qildi. Anqara, shuningdek, Fransiya samolyotlariga o’z bazalaridan foydalanishga ruxsat berdi.

Yevropa Ittifoqi bilan erishilgan kelishivga ko’ra, Turkiya yaqin sharqlik qochqinlarni qabul qilib, ularga yordam hajmini oshiradi va buning evaziga bu mamlakatning Yevropa Ittifoqiga qo’shilishi haqidagi muzokaralar qayta boshlanadi.

Rossiya noroziligiga qaramay, urib tushirilgan Su-24 uchqichi masalasida G’arb Turkiyani qo’llab-quvvatladi.

Erdog’an rasmiy Anqara va “Islomiy davlat” o’rtasida neft savdosi mavjudligini inkor etar ekan, neftni Eron, Ozarbayjon va boshqa ma’lum manbalardan sotib olishini aytdi.

Ayrimlar esa “Islomiy davlat”dan neft sotib olayotgan aslida rossiyalik tadbirkor ekanini ta’kidlamoqda.

Potomak institutidan terrorizm bo’yicha mutaxassis Yona Aleksanderga ko'ra, “Turkiya - NATO tashkiloti a’zosi va “Islomiy davlat”ga qarshi kurashda ishonchli hamkor”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG