Sharhlovchilar: Turkiya hukumati radikalizmni jilovlashi kerak

  • Amerika Ovozi

Istanbuldagi kitob do'koni

Istanbuldagi kitob do'koni

Turkiyada “Islomiy davlat” jangari guruhining tarafdorlari va unga qarshilar to’qnashgan. Ayrim oliy o’quv yurtlarida radikalizm g’oyalari keng tarqalgani da’vo qilinadi.

Istanbul ko’chalarida jihodga oid adabiyotlarni bemalol sotib olish mumkin. Turkiya hukumati, deydi tanqidchilar, ekstremizmga panja orasidan qaraydi.

O’tgan oy Istanbul universiteti talabalari “Islomiy davlat”ga qarshi namoyish qilayotgan paytda yuziga niqob tortilgan bir guruh odamlar ularga tayoqlar bilan hujum qilgan.

“Islomiy davlat” Kobani shahrida qilgan vahshiyliklarni qoralab, kursdoshlar bilan plakatlar tayyorladik”, - deydi o’sha namoyishda qatnashgan Oyshagul Korkut.

Kechki payt guruh tarafdorlari kelib, plakatlarni yo’q qilishni buyurdi, bo’lmasa o’zimiz olib tashlaymiz deb dag’dag’a qilishdi, deydi u.

Talabalar Istanbul oliygohida bunday to’qnashuvlar ko’p marta yuz bergani, o’nlab odam hibsga olinganini aytadi.

Universitet yaqinida “Global Books” nomli jihodchi adabiyotlar do’koni joylashgan. Terror guruhlarining rahbarlari, jumladan al-Qoidaning sobiq yetakchisi Osama bin Ladenning yuzi tasvirlangan jurnal va kitoblar sotuvda.

Do’kon egasi Usmon Oqildiz eng zo’r mijozlarim studentlar, deydi. Uning aytishicha, Suriyada urush boshlanganidan beri bu turdagi kitoblarning bozori chaqqon.

“Terrorist deb ularni G’arb tamg’alagan. Lekin buni har xil talqin qilsa bo’ladi. Bizning nazarimizda jihodchilar aslida qahramonlar”, - deydi do’kon egasi, sotuvdagi materiallarni izohlar ekan.

Siyosatshunos Ahmet Qosim Xon nazarida Turkiya o’z fuqarolari orasida ekstremizmni jilovlamasa, hujumlar bilan yuzlashadi.

“Tashvishga molik va hukumat e’tiboriga loyiq masala bu. Jamiyatda radikalizm shu darajaga yetganki, juda qisqa vaqt ichida nazoratni boy berish mumkin”, - deydi Qosim Xon.

Bu yerdan yuzlab kilometr sharqda, Suriya bilan chegarada Turkiya harbiylari shay holatda turibdi. Anqara “Islomiy davlat”ga qarshi janglarga qo’shilmayapti. Kobani shahrini himoya qilishga otlangan kurd ko’ngillilarini, shuningdek, gumanitar yordamni chegaradan o’tishga ham qo’ymaydi.

Kurd bo’lginchilari va Turkiya hukumati orasidagi adovat uzoq tarixga ega. Kurd jamoatchiligi nazarida Anqara separatist kayfiyatlarga zarba berish uchun “Islomiy davlat”ga ko’z yumish va hatto quvvatlashdan ham toymaydi.

Agar hukumat haqiqatan shu yo’lni tanlagan bo’lsa, bu katta xato, deydi London universitetidan Ibrohim Sirkechi.

“Dushmaningizdan qutulish uchun “Islomiy davlat”dan foydalanayotgan bo’lsangiz, o’zingizga choh qaziysiz. Jihodchilar shundoq Turkiya chegarasida jang qilayapti. Bu tomonga o’tib olishi oson”, - deydi suhbatdosh.

Ibrohim Sirkechi Turkiyani chigal bir vaziyatda deb tasvirlaydi. NATO va G’arb bilan aloqalar sovuqlashib borayapti. Yaqin Sharqda yetakchilik qilish intilishlari esa kuchli. Buning ustiga ichki muammolarni ham hal qilish kerak. Mamlakat ekstremistlar makoniga aylanmasligi lozim, deb ogohlantiradi ekspertlar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG