AQSh va Turkiya "Islomiy davlat"ga qarshi kelisha oladimi?

  • Amerika Ovozi

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an Turkiya talablari qondirilmaguncha “Islomiy davlat”ga qarshi kurashda AQShga o’z harbiy bazalaridan foydalanishga ruxsat bermasligini bildirmoqda.

"Xalqaro hamjamiyat bizning maslahatlarimizga quloq solmadi. Ungacha pozitsiyamiz o’zgarmaydi", - dedi u.

AQSh prezidentining maxsus vakili Jon Allen Anqarada bo’lib, masalani oydinlashtirishga harakat qildi.

Turkiya rahbariga ko’ra, hamkor davlatlar suriyaliklarni “Islomiy davlat”ga qarshi kurashda tayyorlash masalasi xususida hali oxirigacha kelishgani yo’q. Anqara nafaqat jihodchilarni, balki Suriya Prezidenti Bashar Assad qo’shinlarini ham nishonga olishni, Suriya osmonini nazorat qilib, hukumat samolyotlari parvozlarini taqiqlashni talab qilmoqda. Vashington jangarilarni yengish muhimroq, deya hozircha bu talablarga ko’nmay kelyapti.

Turkiyaning “Taraf” gazetasi jurnalisti Semih Idizning aytishicha, prezident ichki va mintaqaviy omillarni hisobga olishga majbur.

"Erdog’an Assadga qarshi nafratga shu qadar to’laki, o’z fuqarolari oldida endi past kelishni, “Islomiy davlat” tahdidini Assaddan yuqori qo’yishni istamaydi. Ayniqsa hozir Halabda Assad armiyasining qo’li baland kelayotganini hisobga oladigan bo’lsak”, - deydi Idiz.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho’g’lining shu hafta ogohlantirishicha, Suriya askarlari Halabni isyonchilardan tortib olish arafasida turibdi. Shunday bo’lsa, 2-3 million suriyalik qochqin Turkiya tomon yurishi mumkin. Ayni damda Turkiyada bir yarim milliondan ziyod suriyalik jon saqlamoqda.

Karnegi institutining Bryusseldagi sho’basidan turkiyalik tahlilchi Sinan Ulgenning aytishicha, Anqara talablari ortida diplomatik kuch borligini yaxshi anglab turibdi.

"Erdog’an Fransiyada Prezident Olland bilan uchrashganda Fransiya rahbari Turkiya talablarini qo’llab-quvvatladi. Parijning xayrixohligi muhim bo’lgani bilan uni hal qiluvchi deb bo’lmaydi. Hamma narsa Vashingtonga, AQSh ma’muriyati qaroriga bog’liq”, - deydi Ulgen.

Iste’fodagi general Jon Allen “Islomiy davlat”ga qarshi xalqaro koalitsiya harakatlarini muvofiqlashtirmoqda. U chorshanba kuni Anqarada turk rasmiylari bilan muzokara qilgan. Ungacha ham ikki tomon diplomatlari qizg’in muloqot olib borgan. Vashington “Islomiy davlat”ga qarshi kurashda Anqarani xalqaro koalitsiya tarkibida to’liq ko’rishni istaydi.

Tahlilchilarning aytishicha, bu borada tomonlarning qarashlari farq qilsa-da, razvedka ma’lumotlari bilan o’rtoqlashish yaxshi yo’lga qo’yilgan, Turkiya chegara xavfsizligini kuchaytirib, yollanma jihodchilarning Suriyaga o’tishiga to’siq qo’ygan.

Jurnalist Semih Idizning aytishicha, NATOga a’zo Turkiyaning jug’rofiy joylashuvining o’ta muhimligini hisobga olganda tomonlar hamkorlikka yo’l topishga majbur.

“Hozirgi sharoitda hech bir tomon yuzini burib ketolmaydi. Tashqaridan vaziyat bizga qanday ko’rinsa-da, parda ortida tomonlar hamkorlik qilayotgani aniq”, - deydi Idiz.

Shu hafta AQSh Vitse-prezidenti Jo Bayden Anqarada bo’lib, Turkiya rahbariyatiga qo’shimcha bosim qo’yishi aniq. Tahlilchilarga ko’ra, tomonlar “Islomiy davlat”ga qarshi kurashda mintaqa davlatlarining manfaatlarini hisobga olishi zarur, bu esa oson ish bo’lmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG