Garovdagilar ozod. Turkiya endi aksil-terror koalitsiyaga qo’shiladimi?

  • Amerika Ovozi

Turkiya hukumatining G’arb bilan aloqalari sovuqlashgan. Xalqaro koalitsiya “Islomiy davlat” terror guruhiga qarshi keng qamrovli operatsiya rejalar ekan, Anqara o’z havo hududidan foydalanishga ruxsat bermasligi mumkin.

Ayrimlar Turkiyani jangarilarni zimdan quvvatlayotganlikda ham ayblaydi.

Turkiya mutasaddilari parda ortida AQSh bilan munosabatlarda pastu-balandliklar, chigalliklar ko’pligini aytadi.

Turkiya – ham Iroq, ham Suriya bilan chegaradosh. “Islomiy davlat” bazalari uning sarhadlariga yaqin joylashgani uchun Turkiyaning jihodchilarga qarshi kampaniyada faol rol o’ynashi kutilyapti. Yaqinda Amerikaning mudofaa va tashqi ishlar vazirlari Anqaraga tashrif buyurib, ana shu masala muhokama qilingan.

“Turkiya undan nima kutilayotganini yaxshi biladi, buni obdon muhokama qildik”, - deydi Davlat kotibi Jon Kerri. “Ular yaqin kunlarda bir qarorga kelishi kerak, kutamiz”, - dedi diplomat senatorlar oldida hisobot berar ekan.

Kuzatuvchilar fikricha, “Islomiy davlat” qanchalik qonxo’r va yovuz ekanini dunyoga namoyish etib bo’ldi. Yoz boshida bu guruh Iroqning ikkinchi eng yirik shahri Mosulni bosib olganida Turkiya konsulligi xodimlarini ham garovga olgan edi. Kuni-kecha ular ozod etilib, eson-omon oilalari bag’riga qaytdi.

Anqara xalqaro koalitsiyasiga kirmaganini ilgari shu masala bilan izohlab, jangarilar qo’lida 49 fuqarosi borligiga ishora qilgan edi.

Istanbul universitetidan siyosatshunos Nuray Mert garovdagilar masalasini bir chetga surib deydiki, umuman olganda Turkiya hukumati “Islomiy davlat” ga qarshi pozitsiyasini aniq tushuntirib bera olgani yo’q.

“Garovdagilar bilan bog’liq hodisa bir bahona edimi, yo’qmi, hech kim bilmaydi. G’arbdagi ittifoqchilarning Turkiyaga nistaban ishonchi so’nib borayapti”, - deydi mutaxassis.

Turkiya “Islomiy davlat” ni rasman terrorchi guruh deb belgilagan, lekin prezident Rajab Toyib Erdog’an chiqishlarida bu ta’rifni kamdan-kam qo’llaydi.

Mosuldagi konsullik bosib olingani ketidan Erdog’an muxolifatni hamda ommaviy axborot vositalarini “meni bu guruh haqida provokatsion bayonotlar qilishga majburlamang” deya ogohlantirgan edi.

Natijada ayrimlar prezidentni jihodchilarning Turkiyada olib borayotgan faoliyatiga, bu yerda odam yollashiga ko’z yumayapsiz, deya tanqid qila ketdi.

Erdog’an yuqoridagi da’volarni qat’iyan rad etadi. “Ayrim xalqaro kanallarda Turkiyani terrorchilar bilan tenglashtirishyapti. Terroristlarga qurol va dori-darmon uzatarmishmiz. Bu bo’hton”, - deydi prezident.

AQSh Kongressi Senatining Tashqi aloqalar qo’mitasi raisi Robert Menendezga ko’ra, xorijiy jangchilar Turkiya chegarasi orqali Iroq va Suriyaga kirayotgani ayon.

“Turkiya ehtimol qo’rquvdan yoki boshqa mafkuvariy sabablarga ko’ra jangarilar oqimini to’xtatishga shoshmayapti”, - deya ta’kidladi senator.

Siyosatshunos Nuray Mert nazarida, Turkiyada hukmron partiya islomiy bo’lgani uchun ham ekstremistlarga qarshi siyosat so’zda va amalda aniq bo’lishi lozim.

“Hozir esa shunday tasavvur shakllanganki, Anqara islomiy guruhlarni – ular qanchalik vahshiy bo’lmasin – tanqid qilmaydi, ular haqida yomon so’z aytmaydi. Bu o’z navbatida xalqaro jamoatchilikda shubha-gumonlar uyg’otadi”, - deya sharhlaydi Mert.

“Islomiy davlat”ni yengish uchun dunyoning o’nlab davlatlari hamjihatlikda ish olib bormoqda. Iroq va Kurdiston kuchlariga qurol-yarog’ yetkazilyapti. AQSh qatorida Fransiya va Avstraliya havo kuchlari ham hujumga o’tdi. Turkiya kampaniyadan chetda qola olmaydi, deydi ekspertlar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG