Turkiya Isroil bilan aloqalarini muzlatdi

  • Amerika Ovozi

Turkiya prezidenti Abdulla Gul (chapda) va Bosh vaziri Rajab Toyyib Erdog'an

Turkiya prezidenti Abdulla Gul (chapda) va Bosh vaziri Rajab Toyyib Erdog'an

Turkiya Isroil bilan barcha savdo va harbiy aloqalarni to'xtatmoqda. Bosh vazir Rajab Toyyib Erdog'anning bugun ma'lum qilishicha, yuqori lavozimli Isroil diplomatlariga Turkiyani chorshanbagacha tark etish buyurilgan.

O'tgan hafta Isroil elchisi ham mamlakatdan haydalgan edi. O'tgan yili Isroil G'azoga gumanitar yuk tashib ketayotgan kemani kuch bilan to'xtatib, sakkiz turk fuqarosini o'ldirgach, Erdog'an rasmiy Quddusdan uzr so'rashni talab qilgan, ammo Isroil bosh tortgan. Shundan so'ng Turkiya munosabatlarni muzlatishga o'tgan. Erdog'an yaqin kunlarda Misrga, undan so'ng esa G'azo Sektoriga bormoqchi.

Kecha Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmad Dovuto'g'li Anqarada Falastin rasmiysi Nabil Shaat bilan uchrashgan. Turk vaziri BMT Bosh Assambleyasi yillik sessiyasida Falastinning jahon hamjamiyatidan mustaqilligini tan olish tashabbusini qo'llab-quvvatlaymiz, degan. Ma'lumki, Isroil va AQSh bunga qarshi.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bir yil oldingi voqea va turk fuqarolarining o'limidan afsusdamiz deb, maxsus kuchlar o'zini faollardan mudofaa qilganini ta'kidlaydi. BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun tomonlarni murosaga chaqirib, normal aloqalarsiz Yaqin Sharq muammolarini hal qilib bo'lmaydi, dedi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG