Breaking News

Ziddiyatlarga qaramay Turkiya-Isroil savdo aloqalari mustahkam


Anqara ko'chalarining birida Turkiya va Isroil rahbarlarining surati. "Isroil Turkiyadan uzr so'radi", deyiladi suratda.
Anqara ko'chalarining birida Turkiya va Isroil rahbarlarining surati. "Isroil Turkiyadan uzr so'radi", deyiladi suratda.
Isroil va Turkiya o’rtasidagi siyosiy va diplomatik aloqalar hali ham tarangligicha qolmoqda. Shunga qaramay ikki tomonlama savdo-sotiq davom etmoqda.

Bir paytlar Turkiya va Isroil Yaqin Sharqdagi eng yaqin hamkorlar bo’lgan. Turkiya O’rta yer dengizida Isroil va AQSh floti mashqlarida qatnashgan, Isroil samolyotlariga harbiy mashg’ulotlar paytida o’z havo hududidan foydalanishga ruxsat bergan.

Ammo 2010-yilda Isroil maxsus kuchlari G’azo Sektori yaqinida Isroil iqtisodiy qamalini yorib kirishga uringan kemaga hujum qilib, falastinliklar uchun gumanitar yuk olib ketayotgan kemadagi to’qqiz turk fuqarosini o’ldirgan edi. Shundan keyin ikki taraf o’rtasida “sovuq urush” boshlangan.

Ayrim xabarlarga ko’ra, shu oy boshida Turkiya hukumati o’z hududida Isroil razvedkasi bilan muloqotga kirgan 10 eronlik bo’yicha ma’lumotni Eron razvedkasiga uzatgan.

Xabarlardan ma’lum bo’lishicha, Eron-Turkiya chegarasini kesib o’tish osonroq bo’lgani sababli Isroil razvedkasining eronlik josuslar tarmog’i Turkiya orqali o’tgan.
Siyosiy aloqalarning tarangligi ikki tomon o’rtasidagi savdo-sotiqqa ta’sir qilmagan ko’rinadi.

Isroil-Turkiya biznes kengashi prezidenti Menashe Karmonning aytishicha, siyosatchilar keladi-ketadi, biznes esa davom etadi. "Ikki davlat o’rtasidagi kelishmovchiliklar xalqlar o’rtasidagi nizo degani emas. O’zaro tijorat davom etmoqda. Savdo hajmi to’rt milliard dollar atrofida. Bu yili esa yanada ko’payadi”, - deydi u.

Bu ko’rsatkich harbiy uskuna savdosini hisobga olmaydi. Savdo, asosan, oziq-ovqat mahsulotlari, texnika va zamonaviy texnologiyalar sohalarida rivojlanmoqda.

Isroil Turkiya harbiy-havo kuchlarini eng zamonaviy elektron harbiy tizim bilan ta’minlagan. Diplomatik ziddiyatlarga qaramay, Anqara Isroil bilan harbiy kontrakt shartlarini buzganicha yo’q.

Ammo Isroil-Turkiya biznes kengashi rahbari Karmon so’zlariga ko’ra, eski rishtalar mustahkam bo’lsa-da, qiyinchiliklar ham mavjud.

“Yosh tadbirkorlar Turkiyaga sarmoya kiritishga shoshilmayapti. Krizis tugasinchi, keyin ko’ramiz, deyishyapti,” - tushuntiradi u.

Ikki tomonlama savdoning yanada kuchayishiga Suriya mojarosi sabab bo’lmoqda.

Turkiyaning “Taraf” gazetasi muxbiri Semih Idizning aytishicha, Turkiya eksportchilari o’z mahsulotini Iordaniya va boshqa arab mamlakatlariga yetkazish maqsadida Suriyani chetlab o’tish uchun Isroil hududi va portlaridan foydalanadi.

“Suriya va hatto Suets kanali orqali tranzit yo’llar butunlay yoki qisman yopiq. Turkiya uchun dengiz yo’llari, xususan Isroil sarhadidan foydalanish maqsadga muvofiq,” - deydi u.

2010-yilgi hodisadan keyin Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Turkiyadan uzr so’rab, qurbonlar oilalariga ta’ziya izhor etgan va moliyaviy yordam ajratishni va’da qilgan edi. Biroq kuzatuvchilar ikki taraf o’rtasidagi siyosiy aloqalarda yaqin orada o’zgarish bo’lmaydi, degan fikrda. Savdo-sotiqqa kelsak, u davom etadi, deydi mutaxassislar. Aynan savdo tufayli kelajakda ikki tomonlama aloqalar iliqlashsa ajab emas.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG