Turkiya va Isroil aloqalarni tiklamoqchi

  • Amerika Ovozi

Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdog'an (o'ngda) va Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu tasvirlangan plakat Anqarada (Arxivdagi surat, 2013-yil).

Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdog'an (o'ngda) va Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu tasvirlangan plakat Anqarada (Arxivdagi surat, 2013-yil).

Turkiya va Isroil rasmiylari ikki tomonlama munosabatlarni yaxshilash niyatida. 2010-yil to’qqiz nafar turk faoli G’azo sektoriga nisbatan qo'llangan iqtisodiy blokadani buzib kirishga uringanda o'ldirilgach, tomonlar o'rtasidagi munosabatlar yomonlashgan edi.

Shu oy Turkiya va Isroil rasmiylari uchrashuvi bo’lib o’tadi.

Turkiya Bosh vaziri muovini No’mon Kurtulmush o’tgan hafta murosaga erishilganini ma’lum qildi. Turkiyaning “Jumhuriyat” gazetasi siyosiy sharhlovchi Semih Idiz hozir ikki tomonlama aloqalarni yaxshilash payti, ayniqsa, Prezident Rajab Toyib Erdog’an buni qo’llab-quvvatlamoqda, deydi.

“Avval Erdog’an “istaymizmi yo’qmi, biz bunday qilishimiz lozim”, deb aytgan edi. So’ngra vazirlar yaqinda Isroil bilan yarashamiz, dedi. Menimcha, oz qoldi. So’nggi detallar muhokama qilinyapti”, - deydi u.

Isroil to’qqiz faolning o’ldirilishi uchun kechirim so’ragan va ular oila a’zolariga kompensatsiya to’lashga rozi bo’lgan.

Aloqalar yaxshilanar ekan, ikki davlat rahbari olib borayotgan siyosat bir-biriga zid. Rahbarlar esa bir-birini yoqtirmaydi.

Istanbuldagi Sulaymon Shoh universitetidan siyosatshunos Chingiz Aqtar ikkala davlat mintaqada yakkalanib qolgan, aloqalarni yaxshilash ortida pragmatizm bor, deydi.

“Turkiya va Isroil Yaqin Sharqdagi eng yakkalanib qolgan ikki davlat. Ular orasidagi murosa ham manfaatlarning umumiyligidan darak. Ammo bu Isroil va Turkiya to’satdan bir-birini yaxshi ko’ra boshladi degani emas”, - deydi u.

Taraflar orasida ishonchsizlik kuchli. G’arb matbuotiga ko’ra, Isroil Anqaradan “Hamas” guruhi a’zolarini mamlakatdan chiqarib yuborishni so’rab, evaziga G’azo masalasida murosa qilishga roziligini bildirgan.

Isroil Mudofaa vaziri etib Anqarani azaldan tanqid qilib keladigan Avigdor Libermanni tayinlash ikki tomonlama aloqalarni murakkablashtiradi, deya fikr bildiradi siyosiy maslahatchi Atilla Yeshilada.

“Men aloqalar yaxshilanishiga ishonmayman, chunki Hamas a’zolari hamon Turkiyada qolmoqda. Turkiya matbuotiga ko’ra, turkofobligi bilan tanilgan janob Libermanning mudofaa vaziri etib tayinlanishi ham vaziyatni qiyinlashtiradi”, - deydi tahlilchi.

Ayni vaqtda ikki tomonlama iqtisodiy aloqalar, xususan, energetika sohasidagi hamkorlik rivojlanishda davom etmoqda. Isroilning yaqinda topilgan katta tabiiy gaz zaxiralari uchun Turkiya ehtimoliy mijoz sifatida ko'riladi. Eronning tobora oshib borayotgani qudratidan ikkala davlat ham xavotirda. Demak, umumiy manfaatlar bor va bular hamkorlik uchun asos bo’lib xizmat qila oladi, deydi kuzatuvchilar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG