Istanbuldagi portlashda 38 kishi halok bo'lgan

  • Amerika Ovozi

Istanbul, 11-dekabr, 2016

Istanbul, 11-dekabr, 2016

Turkiya motamda. 10-dekabr kuni Istanbul shahrining ikki joyida portlash yuz berib, 38 kishi halok bo'lgan.

Birida mashinaga bomba tashlab ketilgan, ikkinchi holatda esa bir kishi o'zini portlatgan. Har ikkisida xavfsizlik xodimlari nishonga olingan. Futbol o'yinidan keyin ikki soat o'tib, Beshiktosh majmuasi yonida amalga oshirilgan, deydi mutassaddilar.

Turkiya Ichki ishlar vaziri Sulaymon Soyluning tasdiqlashicha, 166 kishi jarohatlangan. O'lganlarning 30 nafari politsiyachilar.

​Hujumlar kimning ishi? Hozircha hech bir guruh xurujni amalga oshirganini tan olmagan.

Turkiya hukumati Kurdiston Ishchilar partiyasi (PKK) ga ishora qilmoqda. Bu terrorchi tashkilot yana xuruj qilgan bo'lishi mumkin degan gumonlar bor. 13 kishi hibsda.

Prezident Rajab Toyib Erdog'an Qozog'istonga safarini kechiktirgan. Terrorizmga qarshi keskin kurash davom etadi, deydi u.

Bosh vazir Binali Yildirim milliy motam e'lon qilgan. AQSh Turkiyaga hamdard ekanini bildirmoqda. Terrorizm umumiy dushman, deya qayd etmoqda Vashington.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun ham o'xshash bayonot berdi. Qonli hujumlar uchun javobgarlar qonun oldida javob berishi kerak, deydi u.

Kurdiston Ishchilar partiyasi azaldan hukumat bilan olishib keladi. Guruh Turkiya janubi-sharqida muxtoriyat tuzishni maqsad qilgan.

Xavfsizlik xodimlari va harbiylarga qarshi hujumlarni bu tashkilot oldin ko'p marta amalga oshirgan. Odatda oddiy aholi nishonga olinmaydi lekin portlashlar odam tanlamaydi.

Istanbul bu yili bir necha xurujni boshdan kechirdi, xususan xalqaro aeroportdagi portlash 40 dan oshiq odamni hayotdan olib ketdi. Mamlakat bo'ylab esa terror xurujlarida 200 dan ziyod fuqaro o'ldi.

Avgust oyida Gaziantep, Suriya chegarasiga yaqin shaharda to'y paytida sodir etilgan portlashda 50 kishining yostig'i quridi.

Misr poytaxti Qohirada nasroniylar ibodatxonasi portlatilgan. 25 kishi nobud bo'lgan. Nigeriyada cherkov qulab tushgan, 50 dan oshiq odam o'lgani haqida xabarlar bor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG