Erdog'an: Rossiya bilan orani buzishni xohlamaymiz

  • Amerika Ovozi

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an Rossiya samolyotining kecha urib tushirilishini izohlab, Turkiya faqat o'z xavfsizligini mudofaa qildi, demoqda. Rossiya bilan munosabatlar buzilishini xohlamaymiz, dedi u.

Istanbulda so'zlagan Erdog'an samolyot Suriyada qulaganini tan oldi. Lekin seshanba kuni urilganida rus jangovar samolyoti Turkiya hududida bo'lgan, deydi u. Boshqa turk rasmiylari samolyot 17 soniya davomida Turkiya ichida parvoz qilgani, unga 10 bora ogohlantirish berilganini aytadi. Javob bo'lmagach, Turkiya o't ochgan.

Erdog'an voqea atrofida janjal, adovat alanga olishini istamaymiz, deya qayta-qayta aytdi.

"Chegaramiz bot-bot buzilishiga jim qarab turamiz, deb o'ylashmasin. Suverenitetimiz va huquqlarimizni himoya qilmaymiz, deb adashmasinlar. Bu voqea yuzasidan nizo kuchayishini xohlamaymiz. Turkiya doim tinchlik, dialog va diplomatiya tarafida bo'lgan, adovat, tanazzul va g'animlik tomonida emas", - deydi u.

Rossiya esa samolyot Suriya hududida bo'lganini ta'kidlaydi.

Amerika rahbari Barak Obama seshanba kuni Oq uyda so'zlab, Erdog'anning fikrini qo'lladi. Diplomatiya yo'lidan boraylik, dedi:

"Turkiya, har qanday mamlakat kabi hududi va havo sarhadlarini himoya qilish huquqiga ega. Hozir muhimi - Rossiya va Turkiya o'zaro muloqotni davom ettirishiga ishonch hosil qilish. Voqeani tergov qilib, nima bo'lganini aniqlash va adovatga berilmaslik kerak".

Amerika rasmiysining anonim tarzda "Reyters" agentligiga aytishicha, AQSh nazarida samolyot Suriya hududiga qaytganidan keyin urib tushirilgan. "Nyu-York Tayms" nashri bilan gaplashgan diplomatlar esa samolyot avval urilgan va so'ng Suriyada qulagan, deydi.

Rossiya bir necha javob choralari bilan chiqdi. Mudofaa vaziri Sergey Shoyguning aytishicha, Suriyaning Turkiya bilan chegaradosh Latakiya viloyatiga S-400 rusumli raketadan mudofaa tizimi jo'natiladi. Moskva nomli kreyser ham hududga safarbar qilinadi.

Bu orada, samolyotdan parashyutda chiqib ulgurgan ikki pilotdan biri bugun, chorshanba kuni Latakiyadagi rus bazasiga yetkazildi. Rossiyaning Fransiyadagi elchisi Aleksandr Orlovning aytishicha, ikkinchi pilot "shafqatsizlarcha" o'ldirilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG