Turkiyaga jihodchilarning sizib kirishi haqida xavotirlar oshmoqda

  • Amerika Ovozi

Turkiya chegarasi yaqinidagi jangarilar, Latakiya, Suriya, 31-mart, 2014-yil.

Turkiya chegarasi yaqinidagi jangarilar, Latakiya, Suriya, 31-mart, 2014-yil.

AQShlik ikki jurnalistning “Islomiy davlat” jangarilari tomonidan qatl etilishi Turkiyaga xalqaro bosimning oshishiga sabab bo’lishi mumkin. Chunki ko’plab xorijlik jihodchilar Suriya va Iroqqa Turkiya orqali o’tayotgani aytiladi.

Suriyaga otlanish orzusida bo’lgan jihodchilar uchun Turkiyaga borish eng maqbul yo’l. Chunki sayyoh sifatida bu o’lkaga viza olish oson va Suriyaga kirish uchun 910 kilometrlik bepoyon chegara bor.

Suriya prezidenti Bashar al-Assadga qarshi boshlangan kurashni qo’llab-quvvatlagan Anqara xorijlik jangarilarning Suriyaga o’tishi uchun imkoniyat yaratib berayotgani haqida xabarlar bor. Lekin Turkiya rasmiylari bu da’volarni inkor etadi.

Uch oy avval Iroqning Mosul shahrida jangarilar 49 nafar turk diplomati va ularning oila a’zolarini o’g’irlagan edi. Tahlilchilarga ko’ra, ularni ozod qilish jarayoniga putur yetkazmaslik uchun Anqara jangari guruhga qarshi keskin chora ko’rishdan o’zini tiymoqda.

Anqara mahalliy matbuotga garovdagi bu diplomatlar haqida xabar berishni taqiqlab qo’ydi. Hukumat ham ularning taqdiri haqida lom-mim demayapti.

“Milliyat” gazetasi tahlilchisi Qodri Gurselning aytishicha, turklarning o’g’irlanishi nafaqat gumanitar inqiroz, balki jangarilarga nisbatan qanday yo’l tutish bo’yicha Turkiya tashqi siyosatini belgilovchi muammoga aylandi.

“Hukumat bu mavzuda bahs yuritishni taqiqlab, senzura e’lon qildi. Bu esa jangarilarga qarshi kurashga ta’sir ko’rsatyapti. Menimcha, Turkiya qila oladigan eng muhim narsa bu Turkiya-Suriya chegarasini mustahkamlashdir”, - deydi u.

G’arb jamiyati esa Turkiya orqali Suriyaga o’tayotgan jihodchilar sonining oshayotganidan tobora ko’proq tashvish bildirmoqda. Bryusseldagi Karnegi instituti tadqiqotchisi Sinan Ulgenning aytishicha, Anqara nihoyat xalqaro talablarga quloq tuta boshladi.

“Guruh haqida Anqaraning avvalgi taxminlari xato bo’lib chiqdi. Anqaraning Suriya bo’yicha qarashi hozir G’arb, ayniqsa, Vashington nuqtai nazariga yaqin”, - deydi tahlilchi.

Turkiya Tashqi ishlar vazirligi bayonotiga ko’ra, Yevropa davlatlari Turkiyaga safar qilayotgan fuqarolari haqida batafsilroq ma’lumot olishda yordam berishi kerak. Ayni paytda, Turkiya diplomatlari asirlikda ekan, “Islomiy davlat”ga qarshi ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo’lish kerak, deydi turk rasmiylari.

Ammo hujumga uchraganlar faqat diplomatlar emas.

2003-yil “al-Qoida” Istanbulda sinagoga, Britaniya konsulligi hamda ingliz bankiga qarshi hujumlarni amalga oshirgan edi. Portlashlarda yuzga yaqin odam halok bo’lgan, yana ko’plar jarohatlangan.

Istanbul ko’chalarida “Islomiy davlat” guruhi solayotgan tahdiddan xavotir olayotgan fuqarolar yo’q emas.

“Chunki Turkiyada mutaassiblar bor, keyin o’ta mutaassiblar bor. Agar “Islomiy davlat” Suriya va Iroqda qudratga kelsa, Turkiyaning konservativ aholisi ham buni xohlab qolishi mumkin. Shundan jiddiy xavotirdaman”, - deydi istanbullik bir fuqaro.

Tahlilchi Gursel fikricha, Suriya ixtilofini yoritayotgan hukumatparast matbuot hukmron partiya tarafdorlari orasida jihodchilarni yollashda muhim qurol vazifasini bajaryapti. Mamlakat uchun buning oqibati juda yomon bo’lishi mumkin, deydi u.

“Jangarilar safiga qo’shilganlar orasida yuzlab, hatto minglab turklar va kurdlar borligini bilamiz. Bu katta muammo, chunki ular urushdan tajribali qotil va jangchilar bo’lib qaytadi. Bu yerda ularning g’oyasini tarqatish uchun turk tilida gapiruvchi elementlarning bo’lishi kifoya”, - deydi Qodri Gursel.

“Islomiy davlat” izdoshlari yaqinda Istanbul atrofida bo’lib o’tgan guruh tarafdorlarining yig’ini aks etgan videoni tarqatishdi. Hukumat bu hodisani ortiqcha vahima sifatida ta’rifladi. Ammo kuzatuvchilar qo’shni olkadagi urushning allaqachon Turkiyaga sizib kirayotgandidan ogohlantirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG