Tahlilchilar: Turkiya Suriya kurdlari bilan do’stona aloqa o’rnatsin

  • Amerika Ovozi

So’nggi haftalarda Suriyada kurdlar va isyonchilar olishuvi avj olmoqda. Asosan mamlakat shimoli-g’arbida yashaydigan kurdlar Bashar al-Assad hukumatiga qarshi kurashishni emas, avtonomiyani qo’lga kiritishni maqsad qilgan. Bu esa qo’shni Turkiyani xavotirga solmoqda.


Oppozitsiya jangchilari 8-noyabr kuni Ras al-Ayn chegara punktini bosib olib, so’ngra shaharni butunlay nazoratga olishga urindi. Turkiya bilan chegaradagi Ras al-Aynda arab va kurd jamoalar yashaydi.

Isyonchilar bu yerda g’alaba e’lon qilgani bilan janglar tugamadi. Kurd guruhlari bilan olishuvda o’nlab odam halok bo’lgan.

Chegaradagi bu jarayonlar Turkiyani xavotirga solmoqda. Suriyaning Birlashgan Demokratik kurd partiyasi Turkiyadagi kurd harakatini qo’llayotgan bo’lishi mumkin.

Terrorchi tashkilot deb e’lon qilingan Kurdiston Ishchilar partiyasi (PKK) 1980-yillardan buyon turk xavfsizlik kuchlari bilan olishib keladi. Ayrimlar nazarida, Suriya mojarosi mustaqil kurd davlati paydo bo’lishiga turtki berishi mumkin.

Hozirda 30 million sonli jamoaga bir necha davlat vatan, jumladan Iroq, Eron, Suriya va Turkiya.

Rasmiy Anqarani tashvishga solayotgani - agar suriyalik kurdlar muxtoriyatga erishsa, bu Turkiyadagi kurd jangarilarini ham kuchaytirgan bo’ladi. Bosh vazir Rajab Toyib Erdog’an bunga hech qachon yo’l qo’ymaymiz, deya ta’kidlamoqda.

Bahchesehir Universitetidan siyosatshunos Chingiz Aktar fikricha, chegaraning narigi tarafidagi janglarda Turkiyaning qo’li bo’lishi mumkin.

“Ayrim xabarlarga qaraganda, to’qnashuv Suriya oppozitsiyasi va kurdlar o’rtasida emas, balki kurdlar hamda Turkiya hukumati quvvatlayotgan al-Qoidaga monand bir guruh o’rtasida kechayapti. Agar bu haqiqat bo’lsa, demak Anqara Suriyadagi kurdlarni ham nazorat qilishga urinayapti”, - deydi Chingiz Aktar.

Turkiya kurdlarining Tinchlik va Demokratiya partiyasi rahbari Gultan Kisanak ham qo’shni davlatga turk maxsus kuchlari yuborilganini da’vo qiladi. Bunday ayblovlar Kurdiston Milliy Kongressi, Yevropada joylashgan kurd guruhlari koalitsiyasi chiqargan bayonotda ham o’z aksini topgan.

Turkiya Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Seljuk Unal yuqoridagi gaplar safsata, deydi. Uning aytishicha, Suriyada bo’layotgan voqealarga Turkiya aralashmaydi va bu mojaroga moy quyish hech bir tarafning manfaatiga to’g’ri kelmaydi.

Turkiya matbuotiga ko’ra, Iroq Kurdistoni rahbari Masud Barzaniy vositachilikka tayyor. Suriya muxolifati va kurdlarni yarashtiramiz, deydi u.

So’nggi yillarda rasmiy Anqara Iroq Kurdistoni bilan aloqani yaxshilagan, tomonlar iqtisodiy va siyosiy hamkorlik qilib keladi.

Siyosatshunos Chingiz Aktar Suriya kurdlari bilan xuddi shunday do’stona aloqalarni yo’lga qo’yish zarur deb hisoblaydi. Ehtimol uchinchi bir tarafning yordami kerak.

“Iroq shimolida kurdlar o’z vataniga ega bo’lgani Turkiyaga yoqmagan. Lekin AQSh o’rtaga tushib, tomonlarni muloqotga ko’ndirgan edi. Hozir ham Vashingtonning ko’magi ayni muddao bo’lardi”, - deydi suhbatdosh.

Aks holda, deydi Chingiz Aktar, Anqara va suriyalik kurdlar orasida keskinlik oshib, yangi mojarolarga yo’l ochiladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG