Suriyalik kurdlar masalasi AQSh-Turkiya munosabatlarini taranglashtirmoqda

  • Amerika Ovozi

Bret Makgurk Suriyada mahalliy kurdlar vakillari bilan uchrashmoqda, 1-fevral, 2016-yil

Bret Makgurk Suriyada mahalliy kurdlar vakillari bilan uchrashmoqda, 1-fevral, 2016-yil

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an AQShdan Turkiyani yoki suriyalik kurdlarni tanlashni talab qilmoqda. Qo'shma Shtatlar kurdlarni "Islomiy davlat" jangari guruhiga qarshi kurashayotgan eng qobiliyatli kuch deb biladi. Turkiya esa suriyalik kurdlarning "Kurdiston ishchilar partiyasi" bilan tili bir ekanini da'vo qiladi.

"Islomiy davlat"ga qarshi kurashayotgan AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya rahbari Bret Makgurk Suriyaning kurdlar yashovchi Kobani shahriga borganidan bir hafta o'tgach, Anqara Vashingtonga ultimatum qo'ydi. "Yo bizni deng, yo kurdlarni", deydi Erdog'an.

Makgurk Kobanida suriyalik kurdlarning siyosiy va harbiy rahbarlari bilan uchrashdi. Qo'shma Shtatlar ularga "Islomiy davlat"ga qarshi kurashda yaqindan yordam berib keladi. Turkiya esa suriyalik kurdlarni PKKga bog'lab, ularni terrorchilikda ayblaydi.

"Bu turklarning suriyalik kurdlarga berayotgan yordamimizdan ilk norozilgi emas. Suriyalik kurdlar samarali harakat qilmaganida Kobanini "Islomiy davlat"dan ozod etib bo'lmasdi", - deydi AQShning NATOdagi elchisi Duglas Lyut.

"Islomiy davlat"ga qarshi kurashda Anqara AQShga Suriya chegarasi yonidagi harbiy-havo bazasidan foydalanishga ruxsat bergan. Vashington Turkiya va suriyalik kurdlar o'rtasida muvozanatni ushlab turishga majbur.

Tahlilchilarga ko'ra, Rossiya suriyalik kurdlar bilan hamkorlikni o'rnatishga intilmoqda. Turkiyaning qarshiligi bois o'tgan oy Jenevadagi Suriyaga doir muzokaralarga kurdlar taklif etilmadi, Rossiya esa ularsiz kelishuvga erishish qiyin ekanini aytadi.

Moskva suriyalik kurdlarni qurol bilan ta'minlab turgani ham aytiladi.

Turkiyalik siyosiy sharhlovchi Qadri Gurselning aytishicha, Makgurkning Kobaniga safari AQSh uchun strategik ahamiyatga ega edi.

"Bu Turkiyani asabiylashtirgan, ammo muhim bir ish bo'ldi. AQSh suriyalik kurdlarga ularni unutmaganini bildirib o'tdi. Qo'shma Shtatlar kurdlarning Rossiya quchog'iga tushishini istamaydi, Anqaraning harakatlari esa aynan shunday natijaga yetaklamoqda. Makgurk Kobaniga safari bilan Turkiyaga shuni eslatmoqchi ham bo'ldi", - deydi Gursel.

Anqara Kurdiston ishchilar partiyasi va suriyalik kurdlarni "Islomiy davlat"dan kattaroq tahdid sifatida ko'radi, bu esa AQSh-Turkiya munosabatlarining yanada sovuqlashishiga sabab bo'lmoqda.

"Vashington Anqarani do'st sifatida ko'rsa-da, unga ishonmaydi, yashirincha ish qiladigan do'st deb biladi. Yaqin Sharq masalasida AQSh va Turkiya bir xil fikrlamaydi", - deydi tahlilchi.

Vashington Anqarani "Islomiy davlat"ga qarshi kurashdagi o'zining muhim sherigi deb keladi. Biroq "Islomiy davlat"ni yengishni ustuvor vazifa deb biladigan Qo'shma Shtatlar jangari guruhga qarshi kurashda yaxshi natija ko'rsatayotgan suriyalik kurdlardan voz kechmaydi, demak, Anqara-Vashington aloqalari ma'lum payt tarang bo'lishi aniq.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG