Kurdlar G'arb bilan yaqinlashar ekan, Turkiya yakka o'zi qolmoqda

  • Amerika Ovozi

Kobani shahrida "Islomiy davlat" bayrog'i o'rnatilgan edi. (Arxivdan surat)

Kobani shahrida "Islomiy davlat" bayrog'i o'rnatilgan edi. (Arxivdan surat)

Fransiya Prezidenti Fransua Ollandning suriyalik kurd arboblari bilan uchrashuvi Turkiyaning xalqaro sahnada yakkalanib qolayotgani va buning oqibatida kurdlar kuchga kirayotganidan darak bermoqda, deydi ayrim kuzatuvchilar.

“Islomiy davlat” jangari guruhini Suriyaning Kobani shahridan haydab chiqargan Demokratik ittifoq partiyasi yetakchilari va guruhning harbiy qanoti a’zolari Parijga borib, Prezident Fransua Olland qabulida bo’ldi.

Rasmiy Anqara partiyani terror tashkiloti deb hisoblashiga qaramay, uchrashuvlar haqidagi ma’lumot jamoatchilikdan yashirilmadi. Prezident Ollandning kurd liderlari bilan uchrashuvi tasvirlangan suratlar matbuotga tarqatildi.

Turkiyaning “Taraf” gazetasi va “Al-Monitor” vebsayti sharhlovchisi Semih Idiz bu hodisa katta ramziy ma’noga ega, deydi.

“Bu Demokratik ittifoq partiyasi uchun qonuniy asos yaratdi, vaholanki Turkiya uni Kurd ishchilar partiyasining (PKK) bir qanoti deb keladi. Ollandning ular bilan uchrashgani - jiddiy o’zgarish. Bu partiya aslida G’arb hukumatlari bilan muloqotda”, - deydi Idiz.

Turkiya va Suriyada yashovchi kurdlar Turkiya hukumatini Kobanida jang qilayotgan “Islomiy davlat” guruhiga bilvosita va bevosita yordam ko’rsatayotganlikda ayblaydi. Anqara esa ayblovlarni inkor etib keladi.

Istanbuldagi Sulaymon Shoh universitetidan siyosiy tahlilchi Chingiz Aktar fikricha, rasmiy Anqara Kobani va Suriyaning kurdlar egallagan qismini shu qadar katta xavf deb biladiki, hatto xalqaro hamjamiyat noroziligidan cho’chimaydi.

“Kurdlar Kobanida g’alaba qozondi. Lekin Turkiya buni istamagan edi, chunki Kobani va umuman Rojava Suriyaning Kurdistoni hisoblanadi. U yerdagi kurdlar muxtoriyat yaratishga intilyapti. Turkiyada yashaydigan kurdlar ham aynan shuni orzu qiladi”, - deydi ekspert.

Tahlilchilarga ko’ra, Turkiya Prezidenti Rajap Toyip Erdog’an Suriyada hokimiyat qonuniy yo’l bilan o’zgarishiga da’vat etgan va Obama ma’muriyatini Bashar Assadga qarshi keng ko’lamli hujum uyushtirishga undab keladi. Buning uchun u, xususan, Inchilik aviabazasidan foydalanishni taklif etishga ham rozi. Ammo Vashington Suriyada keskin chora ko’rishga shoshilmayapti.

Vaziyat boshi berk ko’chaga kirib qolgandek. Iroq kurdlari AQShni Kurdiston muxtoriyatini qo’llab-quvvatlashga undamoqda, evaziga o’z hududini AQSh aviabazasi uchun ochib berishga ham tayyor. Turkiyalik siyosiy sharhlovchi Idiz bunday o’zgarish ehtimoli jiddiy oqibatlarga olib kelishini aytadi.

“Bu, avvalambor, Turkiya o’z inshootlarini ochib berishga to’la tayyor emasligidan darak beradi. Hozirda Anqaraning “Islomiy davlat” jangari guruhiga qarshi kurashda o’z bazalarini ochib berishga shoshilmayotganiga guvoh bo’lyapmiz. 2003-yilda ham Turkiya amerikaliklarga Iroqni bosib olish harakatida o’z hududidan foydalanishga ruxsat bermagan edi. Demak, bugunda ham Turkiyaning shunga o’xshash qarori Amerika va NATO bilan aloqalardagi burilishi nuqtasi bo’ladi”, - deydi Idiz.

Yaqinda Erdog’an Qo’shma Shtatlar bilan munosabatlar mustahkam emasligini, Turkiya xalqaro hamjamiyatdan ajralib qolayotganini e’tirof etgan edi. Biroq siyosatimiz to’g’ri, mintaqa xalqlari bizni qo’llab-quvvatlaydi, dedi Turkiya rahbari.

“Milliyet” gazetasi siyosiy sharhlovchisi Asli Oydintoshbosh fikricha, Bosh vazir Ahmet Dovuto’g’li mamlakatning yakkalanib qolayotganidan xavotirda.

“Agar kelasi saylovlarda Adolat va taraqqiyot partiyasi (AKP) g’alaba qozonsa, Dovuto’g’li siyosatni o’zgartirmoqchi. Turkiyaning yo'qolgan nufuzini, xalqaro sahnada obro’sini qayta tiklamoqchi”, - deydi Oydintoshbosh.

Agar Turkiyaning G’arb bilan aloqalari yanada sovuqlashsa, bu kurdlar harakatlarining kuchayishiga olib keladi, deya ogohlantirmoqda tahlilchilar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG