Turkiya rasmiylari: 35 kurdning o’ldirilishi tasodif bo’lishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Mahalliy aholi bombardimon qurbonlari jasadlari atrofida to'plandi. 29-dekabr 2011-yil

Mahalliy aholi bombardimon qurbonlari jasadlari atrofida to'plandi. 29-dekabr 2011-yil

Chorshanba kechasi harbiy razvedka samolyotlari “Kurd ishchilar partiyasi” (PKK) faol mintaqada bir guruh odam ketayotganini payqagan va ularni terrorchilar deb o’ylab, bombardimon qilgan. Natijada 35 odam halok bo’lgan.

“Dastlabki ma’lumotlarimizga ko’ra, bu odamlar terrorchi emas, kontrabandistlar bo’lgan”, - deya payshanba kuni bayonot berdi Adolat va taraqqiyot partiyasi rasmoysi Husayn Celik.

U, shuningdek, tinch aholining o’ldirilishini “dahshatli xato”, der ekan hodisa yuzasidan tergov boshlanganini ma'lum qildi va natijalarni kutishga da'vat etdi.

Rasmiy bayonotda hodisa shimoliy Iroqdagi Sinat-Haftanin degan joyda ro’y bergani, u mintaqada tinch aholi yashamasligi, balki terrorchilarning bazalari borligi aytiladi.

Rasmiy Anqara “Kurd ishchilar partiyasi”ni (PKK) terrorchilar deb hisoblaydi.

Turkiya kurdlarining “Tinchlik va demokratiya partiyasi” (BPD) esa samolyotlar aslida asosan kurdlar istiqomat qiladigan mintaqani bombardimon qilganini ta’kidlamoqda. Halok bo’lganlar eshaklarda shakar va yoqilg’ini chegaradan olib otayotgan bo’lgan, deydi ular.

“Tinch aholi qirg’in qilindi, qurbonlarning eng kattasi 20 yoshda bo’lgan”, - deya bayonot berdi BPD rahbari Salohiddin Demirtash (Selahattin Demirtas) va xalqni “demokratik yo’l bilan” norozilik bildirishga chaqirdi. .

Istanbul shahrining Taksim maydoniga payshanba kuni 2 000 odam yig’ildi.

Yuzlab yoshlar maydonga yetib kelgan politsiyani toshbo’ron qildi. Politsiya bunga javoban ko’zni yoshlantiradigan gaz va o’t o’chiruvchilar brandspoyntlari yordamida namoyishchilarni quvdi. Bir necha kishi hibsga olindi.

Aksariyat aholisi kurdlar bo’lgan yana ikki shahar – Diyorbakir va Sirnakda ham norozilik namoyishlari bo’lib o’tdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG