Jangarilar Turkiyani tark etayapti, navbat yangi konstitutsiyaga

  • Amerika Ovozi

Kurdiston Ishchilar Partiyasi, qisqacha PKK nomi bilan tanilgan jangari guruh a’zolari Turkiyani sekin-asta tark etmoqda. Diqqat endi Turkiya parlamenti ko’rib chiqayotgan yangi konstitutsiya loyihasida.

Prezident Abdulla Gulning aytishicha, kurd talablari aks etgan bu hujjat yuzasidan muhokamalar boshi berk ko’chaga kirib qolgan.

Jangarilarning chekinishi Kurdiston Ishchilar Partiyasi va Turkiya hukumati o’rtasidagi qariyb 30 yillik mojaroni hal qilish tomon qo’yilgan birinchi qadamdir.

Kurdlar manfaatini himoya qiluvchi Tinchlik va Demokratiya partiyasi a’zosi Altan Tan siyosiy islohotlar fursati yetganini ta’kidlaydi.

“Turkiya kurd masalasini uzil-kesil hal qilsin, yangi bosh qomus va yangicha demokratik boshqaruvga o’tsin. Biz shuni talab qilayapmiz”, - deydi qonunchi.

Altan Tan hozirgi harbiy konstitutsiya o’rniga yangisini loyihalash uchun mas’ul parlamentar komissiyaning a’zosi. Kurd tilida ta’lim olish, regionlarga ko’proq vakolat berish hamda kurd millatini tan olish yuqoridagi talablar sirasiga kiradi.

Lekin ayni paytda bir necha bandlar kuchli kelishmovchilikka sabab bo’layapti. Prezident Abdulla Gul hatto muhokamalar to’xtab qolayotgani haqida ogohlantirgan.

Muxolifatdagi Respublikachilar Xalq partiyasi a’zosi, bosh qomusni yozishda qatnashayotgan Rizo Turmen murosaga ishonadi.

“To’siqlar bor, lekin jarayon oldinga siljiyapti. Turlicha fikr-qarashlarni uyg’unlashtirib, muhokama uchun yetarli vaqt ham ajratish kerak. Hozir hukmron partiyaning prezidentlik tizimiga doir takliflari kelishuvning beliga tepayapti”, - deydi Turmen.

Oppozitsiya nazarida hammasiga Bosh vazir Rajab Toyib Erdog’an aybdor, chunki u kelasi yilgi saylovlarda nomzodlikni ko’zlab, kuchli prezidentlik tizimini yaratmoqchi. Erdog’anning Adolat va Taraqqiyot partiyasi yangi konstitutsiya ustida ishni bitirish uchun komissiyaga 1-iyulgacha muhlat qo’ydi.

Kuzatuvchilarga ko’ra, hukumat o’z loyihasi bilan ham chiqishi mumkin. Bahcheshehir Universitetidan Chingiz Aktar izohicha, tinchlik muzokaralari to’xtab qolmasligi uchun real islohotlar zarur.

“Komissiya unga yuklangan vazifani bajara olishiga ishonch pasayib ketdi. Sulh shartlari bajarilishini ta’minlash uchun qandaydir vaqtinchalik bir hujjat ishlab chiqish kerak”, - deydi siyosatshunos.

Konstitutsiyaviy islohotlar parlamentda ma’qullanishi uchun hukumatga kamida yana bir partiyaning quvvatlovi muhim.

Qonunchi Altan Tan fikricha, agar Erdog’an prezidentlikka doir rejalariga biroz o’zgartirish kiritsa u bilan kelishsa bo’ladi.

“Konstitutsiyada kurdlar huquqi kafolatlansa, prezidentlik sistemasini ham ko’rib chiqishga tayyormiz. Lekin bu tizim Erdog’an istagan shaklda emas, balki AQShda bo’lgani kabi muvozanatli va vakolati cheklangan bo’lsin”, - deydi kurdlar partiyasi a’zosi.

Ammo bosh vazirga AQSh modeli ma’qul emas. Siyosatshunos Soli Ozelning ogohlantirishicha, muxolifatni chetlaydigan konstitutsiya mamlakat parokanda bo’lishiga olib keladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG