Turkiya kurdlari uylarini yo'qotishdan qo'rqmoqda

  • Amerika Ovozi

Diyorbakir, Turkiya

Diyorbakir, Turkiya

Turkiyaning, asosan, kurdlar yashovchi janubi-sharqida xavfsizlik kuchlari bir necha oydan beri kurd jangarilari bilan jang qilmoqda. Natijada mintaqa shahar va qishloqlarida uy va imoratlar vayron bo'lgan, yuz minglab odam uyini tashlab chiqishga majbur.

"Amerika Ovozi" muxbiri Dorian Jouns yaqinda Diyorbakir shahrida bo'lib, Sur rayonidagi ahvol bilan tanishdi.

Berivan ismli ayol mojarogacha Surda yashar edi, ammo otishmalar boshlangach, qochishga majbur bo'ldi. Qo'lidagi suratlarga qarab, uyini eslab o'tiradi, bir kun qaytib borishni orzu qiladi.

"O'z mahallamda yashash men uchun havoday muhim. Surliklarning barchasi shunaqa", - deydi u.

Uysiz qolgan odamlar najot izlab, rayon hokimasi idorasining eshigini qoqadi.

Aziza Kutlu kurdlar manfaatlarini himoya qiluvchi Xalq demokratik partiyasidan. Rayonning saylangan hokimi terrorizmda ayblanib, hibsga olingach, bu ishni shu ayolga topshirishdi.

"Odamlar jon saqlayman deb uyidan qochgan. Ba'zilari kiyim-kechagi, boshqa narsalarini ham olishga ulgurmagan. Barchasi bizga keldi. Ayni damda 4400 oila shikoyat bilan bizga murojaat qilgan", - deydi vaqtincha hokim lavozimini bajarayotgan Aziza Kutlu.

Bosh vazir Ahmat Dovuto'g'li Sur rayonini Ispaniyaning tarixiy Toledo shahriga aylantirishga so'z berdi. Yaqinda Turkiyada qabul qilingan munozarali bir qonunga ko'ra, rayon mulkining 90 foizi davlat hisobiga o'tadi, shu jumladan Surdagi oltita tarixiy cherkov va bir necha ming uy.

Xalq demokratik partiyasi raisi Salohiddin Demirtosh hukumatning bu qarorini qoralab, kurdlar ommaviy ravishda jazolanayotganini aytadi. Hukmron "Adolat va taraqqiyot" partiyasi ayblovlarni rad etadi.

"Odamlar noto'g'ri tushungan. Ular hukumat aholi mulki, cherkov va masjidlarni musodara qilyapti, deb o'ylayapti. Ammo aslida bunday emas", - deydi partiyaning Diyorbakirdagi vakili Muhammad Akar.

Yaqin atrofdagi devorlarda Turkiyada faoliyati taqiqlangan "Kurdiston ishchilar partiyasi" jangari guruhini qo'llab-quvvatlovchi yozuvlarni, so'nggi otishmalardan keyin qolgan teshiklarni ko'rish mumkin.

Mustafo ismli choyxona egasining aytishicha, musodara haqidagi so'nggi qonundan ko'plar behalovat.

"Odamlarda qo'rquv bor. Ularning uyi, mulki musodara qilinsa, hollari nima bo'ladi? Biz bu yerda ham yashaymiz, ham ishlaymiz. Haydalsak, qayerdan ish topamiz? Men bu yoshimda boshqa ishga yaramayman", - deydi u.

Hukumat jangarilarga qarshi amaliyot paytida odamlarning rayonda turishi xavfli deb, ularni uyini tashlab chiqishga majbur qilmoqda, "vaziyat yaxshilangach, qaytaverasizlar", deya ularni ishontirmoqda.

Ammo tanqidchilarning aytishicha, shaharni qayta qurish paytida oldin berilgan shu kabi va'dalar qog'ozda qolib ketdi. Boshqalar nazarida esa, rayonni qayta qurish bahonasida davlat kurd millatchilik harakatiga bolta urmoqchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG