Suriyalik kurdlar Turkiyaning Furot sharqiga qaytish talabini rad etmoqda

  • Amerika Ovozi

Halab viloyatidagi Manbij shahri, Suriya

Halab viloyatidagi Manbij shahri, Suriya

Kurd qurolli kuchlari AQSh yetakchiligidagi koalitsiya yordamida “Islomiy davlat”ni Suriyadagi Manbij shahridan quvib chiqargach, qo’shni Turkiya Suriyaga qo’shin va harbiy texnika kiritib, jangarilar va kurdlarni nishonga oldi. Kurdlar Anqaraning Furot daryosining narigi tomoniga qaytish hamda shaharni “Ozod Suriya armiyasi”ga topshirish talabini rad etmoqda.

Turkiya nazarida suriyalik kurdlarning Anqara terrorchi deb biladigan Kurdiston ishchilar partiyasi harakati bilan tili bir - ular chegarada mustaqil davlat barpo etmoqchi.

Turk siyosatshunosi Semih Idizning aytishicha, Manbij shahri strategik ahamiyatga ega, chunki u kurd anklavlari va hududlarini bir-biriga ulaydi.

"Shahar siyosiy tomondan ham kurdlar uchun muhim", - deydi u.

Anqara Manbijni ozod etish uchun Furot daryosining g’arb tomoniga o’tgan suriyalik kurdlarni ortga qaytishga bir necha bor chaqirib, bo’ysunmaganlar o’qqa tutilishi haqida ogohlantirib keldi.

Asosan arablardan iborat “Ozod Suriya armiyasi” shaharni o’z nazoratiga olmoqchi, biroq Turkiyada kurd manfaatlarini himoya qiluvchi Xalq demokratik partiyasidan parlament deputati Ertugrul Kurkchuning aytishicha, kurdlar Manbijni jangsiz tashlab chiqmaydi.

"Shahar uchun jang shiddatli bo’ladi. Kurdlar Manbijdan chiqsa, unga yaqin orada qaytib kelmasligini yaxshi tushunadi. Ular bu joylarni o’z vatani deb biladi. Nega o’z tuprog’idan ketishi kerak, ayniqsa, “Islomiy davlat”ga qarshi kurashgan asosiy kuch sifatida bu yer uchun qon to’kkan bo’lsa”, - deydi kurd deputati.

Bunday to’qnashuv ehtimolidan xavotirlangan Vashington o’rtaga tushishga majbur bo’ldi. Mintaqada ishlagan sobiq turk diplomati Oydin Seljenning aytishicha, Manbij uchun har qanday jang “Islomiy davlat”ni asosiy dushman deb biladigan Vashingtonni noqulay ahvolga solib qo’yadi.

"AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi tomonidan qo’llab-quvvatlanayotgan “Ozod Suriya armiyasi” AQSh Mudofaa vazirligi tayyorgarligidan o’tgan kurd kuchlari bilan to’qnashsa, bundan AQSh hukumatiga zarar. Anqaraning rejasidan hozircha bexabarmiz. Qo’shma Shtatlar Daishni mag’lub etmoqchi va bu ishda kurdlar eng samarali kuchdir”, - deydi Seljen.

Vashington o’z ittifoqchilariga barcha diqqatni “Islomiy davlat”ga qaratish kerakligini uqtirishga harakat qilarkan, Turkiya armiyasi kurdlarning olg’a yurishiga g’ov bo’lish uchun Suriyaga qo’shimcha kuchlar kiritmoqda.

Shunga qaramay, Qo’shma Shtatlar hozircha bu vazifaning uddasidan chiqmoqda. Bu orada Daishga qarshi kuchlar jangarilar qo’lidagi al-Bab shahriga hujumga hozirlanmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG