Rossiya kurdlarni qurol bilan ta'minlayaptimi?

  • Amerika Ovozi

Shu oy Turkiya harbiy vertolyoti kurd isyonchilari tomonidan urib tushirilgach, Anqara va Moskva o'rtasidagi usiz ham sovuq munosabatlar yanada taranglashmoqda. Turkiya Kurdiston ishchilar partiyasi qo'liga havodagi nishonlarni uruvchi "Igla" raketa moslamasi tushganini Rossiyadan gumon qilmoqda.

Tahlilchi Metexan Demirning aytishicha, bu ish Moskva ishtirokisiz o'tmagan.

"Bunday ilg'or qurolni ishlatishni askarlarga o'rgatishga bir necha hafta ketadi. Bu o'ta yuqori texnologik, nozik moslama. Hozirgi sharoitda kurd terrorchilariga kim saboq beryapti? Kimning qo'li ostida ular bu qadar mahoratga erishdiki, ilk bor turk vertolyotini osonlikcha urib tushirgan bo'lsa? Qurolni Rossiyadan olgan bo'lishlari mumkin. Balki Rossiya hukumati to'g'ridan-to'g'ri bermagandir, ammo rus samolyotining urib tushirilganiga javob bo'lishi mumkin", - deydi Demir.

Unga ko'ra, kurd jangarilari ishlatgan moslama Suriyaga Turkiya orqali o'tgan Rossiya harbiy kemasida rus ofitserining qo'lida tasvirga tushirilgan moslamaga o'xshab ketadi. Turk qiruvchi samolyoti Suriyada harakatlanayotgan rus bombardirovkachisini urib tushirganidan bir necha hafta o'tgach qayd etilgan bu voqeani o'shanda ayrimlar ochiq tahdid sifatida ko'rgan edi.

Turkiyaning Kurdiston ishchilar partiyasiga qarshi ko'p yillik urushida Anqara ahyon-ahyonda Moskvani jangarilarni qo'llab-quvvatlayotganlikda ayblab keladi. Biroq iste'fodagi general Xoldun Solmazturk Moskvaning so'nggi voqeada qo'li borligiga ishonmaydi.

"Ruslar aqldan ozib bu ishga qo'l urgan deb o'ylamayman. Axir bundan ularga nima foyda? Rossiyada ishlangan ko'chma zenitli raketa kompleksini dunyoning istalgan joyida, ayniqsa Yaqin Sharqda topsa bo'ladi. Bu ish orqasida Rossiya turgan bo'lsa, bu meni juda hayratga solardi", - deydi Anqaradagi "21-asr" siyosiy-tahlil tashkiloti eksperti.

Karnegi tahlil institutidan Sinan Ulgenning aytishicha, Anqaraning shubhasiga barham berilgani yo'q hali.

"Rossiyaning aloqadorligi gumon ostida. Ayni damda moslamaning Kurdiston ishchilar partiyasi qo'liga qanday tushib qolgani tergov qilinmoqda. Agar bu ish ortida Moskva turgani aniqlansa, ko'p narsa o'zgaradi va aloqalarni normallashtirishga qaratilgan barcha harakatlar puchga chiqadi", - deydi tahlilchi.

Kurd jangarilari qo'lida qancha va yana qanday ilg'or qurollar borligi Anqarani qiziqtirmoqda.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Turkiya bilan aloqalarni yaxshilashga tayyormiz, ammo buning uchun Anqara birinchi qadam qo'yishi kerak, deydi.

"Turkiya hukumati bilan aloqa bor. Ular munosabatlarning eski holatga qaytishini istaydi. Rossiya ham buning tarafdori. Ammo aloqalarni birinchi bo'lib buzgan biz emas. Turkiya hukumati urib tushirilgan samolyot va halok bo'lgan harbiylarimiz bo'yicha tushuntirish beryapti, ammo rasman uzr so'ragani, zararni qoplab berishini aytgani yo'q, gap-so'z bor, aniq harakatni ko'rmayapmiz. Rossiya va Turkiya o'rtasidagi aloqalar eng yuqori nuqtaga chiqqan edi. Biz ularni qadrlar edik. Ammo samolyot nega urib tushirilganini shu bugungacha tushunolmayapman", - dedi Putin Gretsiyaga tashrifi chog'ida uyushtirilgan matbuot anjumanida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG