Breaking News

Turkiya kurd jangarilar bilan murosa qilish qarorida qat'iy


Kurdiston Ishchilar Partiyasining ayol jangarilari... Parti Karkerani Kurdistan - Kurdiston Ishchilar Partiyasi 1978-yilda ish boshlaganida marksist-leninist mafkuraga tayangan, keyinchalik esa asosan kurd millatchiligi va uning manfaatlari uchun kurashuvchi kuch sifatida oyoqqa turdi.
Kurdiston Ishchilar Partiyasining ayol jangarilari... Parti Karkerani Kurdistan - Kurdiston Ishchilar Partiyasi 1978-yilda ish boshlaganida marksist-leninist mafkuraga tayangan, keyinchalik esa asosan kurd millatchiligi va uning manfaatlari uchun kurashuvchi kuch sifatida oyoqqa turdi.
Turkiya hukumati PKK (Parti Karkerani Kurdistan) - Kurdiston Ishchilar Partiyasi bilan murosa yo’lini izlar ekan, bu tashkilotning uch yetakchi a’zosi Parijda otib o’ldirilgani hammani birdek larzaga soldi. Lekin, deydi rasmiylar, bu jinoyat muzokaralarni to’xtata olmaydi.

Turkiya kurd jangarilar bilan muzokarada/Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:16 0:00
Yuklab oling

Kurd va turk siyosatchilar Parijdagi qotillik haqida turlicha fikrda va taxminlar bir dunyo. Lekin mutasaddilar 30 yildan beri mamlakat uchun doimiy boshog’riqqa aylangan masalani uzil-kesil hal etish qarorida qat’iy.

Siyosiy tahlilchi Chingiz Aktar Istanbuldan turib “Amerika Ovozi” bilan gaplashar ekan, bugungi qat’iyat tahsinga sazovor deydi.

“Balki tinchlikka erishish uchun eng kuchli koalitsiya mana endi vujudga kelgandir. Kurd jangarilar bilan til topisha olmaymiz deb umidsizlanayotganlar hali ham ko’p. Murosaga tish qirnog’i bilan qarshi siyosiy guruhlar bor. Lekin ular ozchilik. Ko’pchilik siyosatchilar bu mojarodan to’ygan va murosa tarafdori”, - deydi Aktar.

Turkiya hukumati qamoqdagi kurd lideri Abdulla Ojalon bilan ochiq muloqot olib borayotganini tan olgan. Ular samara bergani haqida ham ma’lumotlar bor.

Kurdlardan chiqqan ikki yirik arbob Ojalon bilan uchrashgan. Tan olingan kurd partiyalarining rahbarlari ham panjara ortidagi yetakchi bilan ko’rishish niyatida.
Bundan g’azabga kelgan millatchi kuchlar Bosh vazir Rajab Toyip Erdog’anni terrorchilar bilan muzokara olib borayotganlikda ayblamoqda.

Erdog’an esa tinchlik degan har kimsa bilan gaplashamiz, jangarilar qurolni tashlab, shu yurt barqarorligi uchun hissa qo’shishga tayyor ekanini isbotlasa, murosa qilamiz, deydi.

“Biz samimiy va qat’iy ekanimizni ko’rsatayapmiz. Separatist terrorchi tashkilotga Turkiyada joy yo’q. Qurolni tashlang va tark eting bu yurtni”,- deydi bosh vazir.

Ayrim siyosatdonlar nazarida kurd jangarilarining o’ziga ishonchi baland. Ularni qurol tashlashga ko’ndirish oson bo’lmaydi.

Yana bir muhim qadam bu kurd huquqlarini ta’minlash. Ta’limdan tortib boshqaruvgacha, ular uchun imkoniyatlarni kengaytirish kerak. Bu degani yangi bosh qomus shuni kafolatlashi lozim. Hozirda uning ustida parlamentda ish ketmoqda.

Ertugrul Kurkchu – kurdlar bilan til topishish kerak deb yurgan arboblardan. Lekin bosh vazirga ishonmaydi.

"Erdog’an xohlagan paytda istaganini qiladigan odam. Hukumatda tayanib bo’lmaydigan odam kim desangiz, men bosh vazirimiz degan bo’lardim. So’zida turmaydi u”.

Tahlilchilar fikricha esa sabr-toqatsiz ish bitmaydi. Chingiz Aktar kelasi ikki yil saylovlar davri bo’lishiga ishora qilib, rahbariyat tezroq harakat qilsa ajabmas, deydi.

“Bu yil ko’rinarli va sezilarli yutuqlar bo’lishi uchun harakat qilinadi. PKK jangarilari Turkiyadan chiqib ketishi va bu yerda biror xuruj amalga oshira olmasligi uchun hukumat bor kuch-g’ayratini sarflasa ajabmas”.

Gap Turkiyadagi 2500 ga yaqin jangari haqida ketmoqda. Qolgani Iroq shimolida.

Qahraton qishda ular faoliyatini to’xtatadi, ammo bahor kelishi bilanoq xurujlarga zo’r beradi.

Parti Karkerani Kurdistan - Kurdiston Ishchilar Partiyasi 1978-yilda ish boshlaganida marksist-leninist mafkuraga tayangan, keyinchalik esa asosan kurd millatchiligi va uning manfaatlari uchun kurashuvchi kuch sifatida oyoqqa turdi. Qonli xurujlarda ayblanadi. BMT, NATO, AQSh va Yevropa Ittifoqi nazarida bu partiya - terrorist tashkilot.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG