Kurdlar: Erdog'an xalqaro fitna qurboni

  • Amerika Ovozi

Turkiya bosh vaziri Rajab Toyib Erdog'an

Turkiya bosh vaziri Rajab Toyib Erdog'an

Turkiya hukumati korrupsiyaga doir ayblovlardan o’zini himoya qilishga urinayotgan bir paytda kurdlar huquqlari uchun faol harakat qilayotgan guruh a’zolari bu masalada bosh vazir Rajab Toyib Erdog’an tarafini olmoqda. Ularga ko’ra, davlat rahbari xalqaro fitna qurboniga aylangan.

Erdog’an kurd jangarilari bilan kelishishga harakat qilar, kurdlar huquqlari istiqboli hukumat bilan kechayotgan muzokaralarga bog’liq ekan, ayrimlar nazarida kurd faollarining Erdog’anni qo’llab-quvvatlashi tabiiy hol.

Turkiya bosh vaziri unga qarshi ayblovlarning barchasini hukumatini yemirishga qaratilgan harakat deya, xorijiy kuchlarni ayblab keladi.

Kurdlar manfaatlarini himoya qiluvchi va Erdog’anning tanqidchilaridan hisoblangan Tinchlik va demokratiya partiyasi bu masalada uning yonini olmoqda.

Partiyadan parlamentda deputat Sirri Sakik korrupsiya haqidagi xabarlarga jiddiy e’tibor bermasligini aytadi.

"Agar pul pora orqali o’g’irlanmasa, uni o’zlashtirishning boshqa yo’li topiladi", - deydi u.

Kuzatuvchilarga ko’ra, hukumat bilan tinchlik muzokaralari ketayotgan bir paytda kurd arboblari Erdog’anga nisbatan tanqidlardan hozircha o’zini tiyishga qaror qilgan.

Hukmron “Adolat va taraqqiyot” partiyasi terrorchi tashkilot deb tan olingan Kurdiston ishchilar partiyasi bilan ko’p yillik ixtilofga barham berish maqsadida tinchlik tashabbusi bilan chiqqan edi.

Istanbul universitetida siyosiy tahlilchi Nuray Mertning aytishicha, bunday yondashuv kurd siyosiy harakatiga keyinchalik qimmatga tushishi mumkin.

"Kurdlar o’z muammolari bilan shug’ullanmoqchi. Turkiyadagi boshqa mavzularga e’tibor kuchli emas. Biroq bu bilan kurd siyosiy partiyasi oddiy turklar nazaridan tushmoqda. Kurdlar huquqlari va erkinliklari evaziga poraxo’rlikka botgan hukumat bilan kelishishga tayyor ekanini ko’rsatmoqda", - deydi Mert.

O’tgan oy Turkiyada taqiqlangan Kurdiston jamoalari guruhi bayonot chiqardi. Kurdiston ishchilar partiyasiga aloqador guruh korrupsiya bilan bog’liq tergov bosh vazirga qarshi qaratilgan xalqaro fitna ekani haqidagi hukumat da’vosini qo’llab-quvvatladi.

Bayonotda Londondagi tadbirkorlar, yahudiylar, armanlar va greklar fitna ortida turgani aytiladi. Biroq ayrim kurd faollari guruh ayblovlarini tanqid qilib chiqdi.

Siyosatshunos Mert siyosiy tanazzulni boshdan kechirayotgan Erdog’an hukumati tinchlik jarayonini yakuniga yetkaza olishiga ishonmaydi.

"Hukumat yana qancha hokimiyatda qolsa ham u mamlakat ichida va tashqarisida obro’sini to’kib bo’ldi, kurd muammosini hal qilish uchun nomunosibligini namoyish etdi", - deydi ekspert.

Kelasi oy Turkiyada 18 oylik saylov kampaniyasi boshlanadi. Kuzatuvchilarga ko’ra, “Adolat va taraqqiyot” partiyasining aksariyat saylovchilari turk millatchilari bo’lib, kurdlar bilan tinchlik o’rnatish jarayoniga shubha bilan qaraydi. Bu esa Erdog’anga yaqin kelajakda kurd masalasida yon berishiga to’siq bo’lishi mumkin.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG