Breaking News

Turkiya kurdlar bilan sulh tuzish niyatida emas


Turkiya tanklari Suriya chegarasida
Turkiya tanklari Suriya chegarasida

AQShning Turkiya kurd isyonchilari bilan sulhga rozi ekani haqidagi da'vosini Anqara rad etdi. Turkiya rasmiylari Suriya shimolida isyonchilarni nishonga olish qarorida qat'iy.

Vashington Anqarani kurdlarga hujumlarni bas qilishga va asosiy kuchni "Islomiy davlat" jangari to'dasiga qarshi qaratishga chaqirgan edi. Biroq Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an sulh haqida gap bo'lishi mumkin emas, deydi. Furot sharqidan, ya'ni Turkiya bilan chegaralar yonidan isyonchilar oyog'ini tortmas ekan hujumlar davom etadi, deydi u.

Turkiya hukumati o'tgan hafta ham "Islomiy davlat" to'dasi, ham AQShning qo'llab-quvvatlovini olgan kurd isyonchilariga zarbalar bera boshladi. Anqara nazarida kurd isyonchilari taqiqlangan, terrorchi sanalmish Kurdiston ishchilar partiyasi bilan tili bir. Turkiya xavotiri shuki, kurdlar Suriyada katta hududlarni egallab, keyinroq Turkiyadagi hududlarga da'vo qilishi mumkin.

Bu orada, Turkiyaning bosimi ostida "Islomiy davlat" jangarilari Suriyaning Jarablus shahridan chekindi. Biroq shuning ortidan Anqara hududda kurdlar nazoratidagi qishloqlarga o'q yog'dira boshladi. Qo'shma Shtatlar ham Turkiya, ham Suriyadagi kurd jangchilari "Islomiy davlat" guruhiga qarshi kurashda muhim ittifoqchi ekanini eslatib keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG