Turkiya futbolida korrupsiya holati ko'rilmoqda

  • Amerika Ovozi

"Fenerbaxche" klubi raisi Aziz Yildirim (yuqorida, chapdan ikkinchi) sudga olib borilmoqda, Istanbul, 8-iyul, 2011-yil

"Fenerbaxche" klubi raisi Aziz Yildirim (yuqorida, chapdan ikkinchi) sudga olib borilmoqda, Istanbul, 8-iyul, 2011-yil

Turkiyada ayrim futbol o'yinlari natijalarining oldindan kelishilganiga aloqadorlik gumoni bilan 60 dan ziyod odam hibsga olingan. Turkiya futbol federatsiyasi rasmiylari Jenevada hodisani UEFA vakillari bilan muhokama qildi.

Yevropa futbol uyushmasi korrupsiyada qo'li bor klublar Yevropa musobaqalaridan chetlashtirilishi mumkin, deya ogohlantirmoqda. Turkiya futbol federatsiyasi prezidenti o'rinbosari Lutfi Aribogan UEFA qarorgohida bo'lib, so'roqqa tutildi.

Uning aytishicha, UEFA turk futboli mutasaddilariga ishonib, chora ko'rishni unga topshirgan.

Politsiya bir necha yetakchi klublar rasmiylarini hibsga olib, o'tgan mavsumning 19 o'yinida natija oldindan kelishilgan, deya shubhalanmoqda. Turkiya Kubogi musobaqasida g'olib bo'lgan Istanbulning "Beshiktosh" jamoasi nomi oqlanmaguncha kubokni qaytarishga qaror qildi.

Ba'zi xabarlarga ko'ra, futbolchilardan biri chopqir ot evaziga kubok finalida yaxshi o'ynamaganini aytib, politsiyaga iqror bo'lgan.

Yevropa futbol uyushmasi xavotiriga sabab klublardan biri mamlakat chempioni, Istanbulning "Fenerbaxche" jamoasidir. Klub prezidenti lavozimida qolish maqsadida bir necha o'yinni sotib olganlikda gumon qilinib, hozir qamoqda.

Sportning bu turi haqida ko'pdan beri maqola yozuvchi jurnalist Esat Yilmayorning aytishicha, mamlakat futbol federatsiyasi UEFA ni turk klublarini Chempionlar Ligasi musobaqasidan chetlatmaslikka ko'ndirgan bo'lishi mumkin.

"Turkiya futbol mutasaddilari qo'liga tushgan dalillar klublarni jazolashga asos bermaydi. Sud hukmi ma'lum bo'lmaguncha, biror qaror chiqarishga erta. Kim aybdoru kim aybsizligi hali qorong'u", - deydi sport jurnalisti.

Sud jarayoni esa ikki-uch yilga cho'zilishi mumkin. Bu vaqt orasida qo'shimcha dalillar paydo bo'lsa, UEFA turk futbolini jazolashga majbur bo'ladi.

Yevropa Chempionlari Ligasida ishtirok etayotgan yana bir klub "Trabzonspor" mutasaddilari ham hibsda.

Turkiyaning kundalik "Milliyet" gazetasi muxbiri Asli Oydintoshboshning aytishicha, mashmasha mamlakat bo'ylab keng muhokama qilinmoqda.

"Hozir bu har bir siyosiy mavzudan muhimroqdir. Ko'chada odamlar faqat shu haqda gapirmoqda. Turkiyada futbol desang odamlar o'zini tomdan tashlaydi", - deydi jurnalist.

O'tgan hafta "Fenerbaxche" jamoasining minglab muxlislari o'yingoh tashqarisida norozilik namoyishi o'tkazib, hatto politsiya bilan to'qnashuvgacha bordi. Ishqibozlar "tergov klubga qarshi fitna" deydi.

Ammo aksariyat aholi tergovni oxirigacha yetkazish tarafdori. Turkiyada klublar badavlat va qudratli biznesmenlar qo'lida bo'lib, korrupsiya azaliy muammo.

Sport ishqibozlaridan birining aytishicha, yaxshi bo'lsa ham, yomon bo'lsa ham, jamoatchilik xabardor etilishi kerak.

"Aybdorlarni jazolash kerak", - deydi u.

Tergovchilar chuqurroq kovlab, so'roqqa chaqirilayotganlar ro'yxati kengayar ekan, turk futboli oldidagi asosiy sinovlar hali oldinda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG