Breaking News

Turkiya siyosiy tizimi arab davlatlariga andoza bo'lishi mumkinmi?


Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdog'an va rafiqasi
Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdog'an va rafiqasi

Arab dunyosidagi ayrim davlatlarda inqilob jarayonlari yakunlanib, Misr va Tunis yangi siyosiy tuzum barpo etishga kirishar ekan, tahlilchilar ularga va, umuman, arab davlatlariga mos sistemani qidirish bilan ovora. Aksariyati Turkiya siyosiy modeliga ishora qiladi.

Tahlilchilar nazarida arab dunyosi o'zida islom va demokratiyani mujassam eta olgan Turkiyadan ko'p narsa o'rgansa bo'ladi.

Bu mamlakatda chiqadigan "Milliyat" gazetasi jurnalisti Semix Idizning aytishicha, turk modeli haqida gap ketganda g'arbcha andoza nazarda tutiladi.

"Turkiya parlament boshqaruviga asoslangan bu dunyoviy tuzumni g'arbdan olib, uni o'z sharoitiga moslashtirdi. Aholisining 99 foizi musulmon bo'lgan Turkiya demokratik jamiyat bo'la oldi", - deydi muxbir.

Biroq boshqalar nazarida Turkiya tajribasi arab dunyosiga to'g'ri kelmasligi mumkin. Pensilvaniya shtatidagi Lixay universiteti professori Genri Barkining aytishicha, ko'p davlatlar Turkiyaga o'xshagisi keladi, ammo buning iloji yo'q.

"Mintaqadagi qaysi davlat Turkiyachalik bo'lishni istamaydi deysiz? Bu dunyoda iqtisodiy rivojlanish bo'yicha 16-o'rinda turadigan, jamiyati faol, ko'plab saylovlarni boshdan kechirgan demokratik tuzum. Agar Misr rahbari bo'lsangiz, qanday qilib mamlakatni hozirgi ahvoldan Turkiya darajasigacha ko'tarishingiz mumkin?"

Barkining aytishicha, buning uchun arab davlatlari Turkiyaning 1980-yillardan beri bosib o'tgan yo'lidan borishi, siyosiy va iqtisodiy islohotlarga zo'r berishi kerak. Ammo o'shanda ham, deydi professor Barki, arab davlatlariga demokratik jamiyatga aylanish uchun 30 yil kerak bo'ladi. Olim qisqa vaqt ichida demokratik boshqaruvga o'ta olgan Argentina yoki Indoneziyani yaxshiroq misol deb hisoblaydi.

Vashingtondagi Tashqi aloqalar kengashi mutaxassisi Stiven Kuk Misrda vaqtincha boshqaruvni qo'lga olgan harbiylar hokimiyatdan ag'darilgan prezident Husni Muborakning kechagi hamrohlari ekanini eslatib, Turkiya siyosatida armiyaning kuchi va katta ta'siriga urg'u beradi. Bunday modeldan Misrdagi ayrim doiralargina naf ko'rishi mumkin xolos, deydi u.

"Misrda demokratiya qaror topsin desak, demokratiyani targ'ib qilaylik. Harbiylar demokrat degan yanglish xulosaga bormaylik", - deydi Kuk.

Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdog'anning aytishicha, uning mamlakati arab davlatlari uchun namuna bo'lishi, ularni ruhlantirishi mumkin, biroq uning modelini ko'r-ko'rona ko'chirish bilan ish bitmaydi. Turkiya tarixidan shu narsani aniq aytish mumkinki, deydi Erdog'an, bir siyosiy tuzumda ham dunyoviy, ham islomiy, ham demokratik tamoyillar uyg'unlasha oladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG