Breaking News

Turkiya dunyo bo'ylab masjidlar qurmoqda


Germaniyaning Xokkenxaym shahridagi Muslim Hoji Bayram masjidi oldida Turkiya bayrog'i hilpirab turibdi.
Germaniyaning Xokkenxaym shahridagi Muslim Hoji Bayram masjidi oldida Turkiya bayrog'i hilpirab turibdi.

Turkiya Kubadan tortib Qozog’istongacha bo’lgan davlatlarda masjidlar qurmoqda. Kuzatuvchilar fikricha, Prezident Rajab Toyib Erdog’an o’z yurtini, usmoniylar saltanati davrida bo’lganidek, islom dunyosining yetakchisi qilib ko’rsatishga urinmoqda.

Dunyo bo'ylab Turkiya masjidlari, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:40 0:00

Prezident Erdog'an yanvar oyida Kubaga safari davomida hukumatdan turklarning Gavanada masjid qurishiga ruxsat berishni so’radi. Turkiya ayni paytda dunyoda 18 ta katta masjid qurmoqda. AQSh, Rossiya, Qirg’iziston, Filippin, Angliya, Falastin va Somalida ham turk bunyodkorlari musulmonlar uchun ibodatxona qurishni rejalagan.

Loyiha Turkiya rahbari olg’a surayotgan katta strategiyaning bir qismidir, deydi “Milliyat” gazetasi sharhlovchisi Asli Oydintoshbosh.

“Erdog’an o’zidan qoladigan tarixiy va global merosga alohida e’tibor qaratadi. Bu islomni rivojlantirish rejalari bilan bog’liq. U Turkiyada va dunyoda islom va musulmonlar manfaatlarini himoya qiluvchi shaxs sifatida ko’rinishni xohlaydi. Shuning uchun Kuba va dunyoning boshqa ko’plab joylarida masjid qurish loyihalariga katta e’tibor qaratmoqda”, - deydi u.

Ushbu strategiya ortida imperiyacha qarashlar ham bor, deydi ayrim kuzatuvchilar. Istanbuldagi Marmara universiteti tahlilchisi Yuksel Taskin so'zlariga ko’ra, Turkiyani usmoniylar davridagi shon-shuhratiga qaytarish Erdog’an va uning partiyasi ko’zlayotgan asosiy mavzu.

“Islomning oltin asriga oid “madaniyatchilik” degan atamani ko’p ishlatishadi. Ular islom tamadduni yana bosh ko’taradi, degan qiyofani yaratishga urinmoqda. Turklar, tabiiyki, ana shu qayta tug’ilishning boshlovchilari bo’lishni istaydi”, - deydi u.

Erdog’an davrida diniy masalalarni boshqaruvchi Diyonat ishlari vazirligining xalqaro loyihalari kengaydi. Masjidlar qurishdan tashqari xalqaro talabalarga diniy ta’lim bo’yicha grantlar berilmoqda va shu yo’l orqali Anqara o’zining islom dunyosidagi nufuzini oshirishga urinmoqda.

Ammo bu ishda Turkiya Saudiya Arabistoni kabi boshqa boy musulmon davlatlari bilan raqobat qilishiga to'g’ri kelmoqda. Anqara va Riyod raqobati ayniqsa Bolqon mintaqasida ko’zga tashlanadi, deydi turkiyalik professor Istar Gozaydin.

“Boshida raqobat kuchli edi. Ayniqsa, Bosniyada masjidlar qurish va ularga jamoat yig’ish bo’yicha. Keyinroq, nazarimda, ular bir-birlarini to’ldirish vazifasini o’tayapti. Baribir, raqobat bor”, - deydi u.

Saudiya Arabistoni bilan sovuq munosabat tarixiy asoslarga ega. Yaqin Sharq davlatlari o’tmishda turklar mustamlakasi bo’lganini unutmagan, deydi tahlilchi Taskin.

“Turk siyosiy yetakchilari Yaqin Sharq ahli mustamlakachilik davriga oid o’tmishni yoqtirmasligini yaxshi tushunmaydi”, - deydi u.

Ammo kuzatuvchilar Erdog’anning bu to’siqlarni ko’cha tili bilan yengib o’tishga urinayotganini aytadi. Turkiya prezidenti o’z nutqlarida G’arbga qarshi tanqidlarga urg’u berib, o’z yurtida va xorijda musulmonlarning ko’nglini ovlashga harakat qilmoqda.

Siyosiy tahlilchi Oydintoshboshning aytishicha, Erdo’gan o’zini xuddi allaqachon butun dunyo musulmonlarining yetakchisidek tutmoqda.

“Agar odamlarda tanlov ixtiyori bo’lganda, Erdog’an dunyo bo’ylab o’tkaziladigan saylovlarda o’zining musulmonlar yetakchisi etib saylanishiga ishonadi”, - deydi u.

Erdog’an so’nggi paytlarda G’arb islomofobiyasi solayotgan tahdidlar haqida tez-tez ogohlantirmoqda. Shuningdek, u BMT Xavfsizlik kengashida musulmon davlati uchun doimiy o’rin bo’lishi kerak, degan fikrda. Anqara islom dunyosida yetakchilik rolini mustahkamlashga urinar ekan, bunday xatti-harakatlar davom etadi, deydi kuzatuvchilar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG