Turkiya xorijga chiqib ketgan tarixiy buyumlarni o'ziga qaytarmoqchi

  • Amerika Ovozi

Istanbuldagi Avliyo Sofiya muzeyi

Istanbuldagi Avliyo Sofiya muzeyi

Turkiya xorijga chiqib ketgan barcha noyob tarixiy eksponatlarini mamlakatga qaytarish niyatida. Madaniyat va Turizm vaziri Ertug’rul Gunayning aytishicha, so’nggi 10 yilda 4000 dan ortiq tarixiy buyum Turkiya muzeylariga qaytarilgan.


Turkiya Madaniyat vaziri yaqinda Izmir shahrida yangi arxeologiya muzeyini ishga tushirdi. Ertug’rul Gunay Turkiyaning boy tarixini asrab-avaylash yo’lida amalga oshirilayotgan harakatlar yetakchisi.

Mamlakat bo’ylab ochilayotgan yangi arxeologik muzeylar soni juda ko’p. Mavjudlarini ta’mirlash ishlariga ham katta mablag’ ajratilmoqda. Vazirning aytishicha, muzeylarning bunday jonlanishi xalqaro ma’no kasb etadi.

AQSh, Angliya, Fransiya va Germaniyadagi dunyoning katta muzeylariga tashrif buyursangiz, ulardagi eksponatlarning ko’pi Turkiya, Italiya, Misr va Gretsiyadan keltirilganiga guvoh bo’lasiz, deydi vazir. Ularning ayrimlari o’g’rilik yo’li bilan, Turkiyadan noqonuniy tarzda olib ketilgan. Biz ularni qaytarishimiz kerak, deydi Gunay.

Tarixiy yodgorliklarni qaytarish uchun Turkiya hukumati xalqaro sudlarga murojaat qilish bilan birga yangi usullarga ham qo’l urmoqda.

Masalan, shu yil boshida Gunay Britaniyadagi tarixiy buyumlar ko’rgazmasida turk eksponatlarining ishtirok etishini taqiqlab qo’ydi. Vazir bu qarorini Turkiyadan o’g’irlab ketilgan buyumlar qaytarilmagungacha biz bunday tadbirlarda ishtirok etmaymiz, deya izohlagan. Boshqa yirik muzeylarga qarshi ham shunday choralar qo’llanilmoqda.

Turkiyaning arxeologiyaga oid yetakchi jurnali muharriri Nezih Basgelenga ko’ra, bu ish dunyo muzeylari faoliyatiga salbiy ta’sir ko’rsatishi mumkin.

“Germaniya, Buyuk Britaniya, AQSh, Fransiya va Avstriyadan qaytarilishi lozim bo’lgan mingdan ortiq eksponatlar ro’yxati bor bizda. Sopol buyumlar, tangalar, marmar jihozlar, tobut va haykal kabi katta jismlar, xullas, juda ko’p narsalar”, - deydi Basgelen.

Madaniyat vazirligi xorijlik arxeologlarni mamlakatga kiritmaslik tahdidi bilan ham xalqaro muzeylarga bosim o’tkazmoqchi. Masalan, o’tgan yili rasmiy Anqara Germaniyadagi muzeydan tarixiy obidani qaytarishni talab qilib, agar bu amalga oshmasa, nemis arxeologining mamlakatga kirishiga yo’l qo’ymasligi haqida ogohlantirgan edi. Natijada muzey eksponatni Turkiyaga qaytarishga majbur bo’ldi.

Bunday qattiq choralar tanqidlarga ham sabab bo’lmoqda. Anqara, avvalo, o’z uyini tartibga solib olishi kerak, degan e’tirozlar bor. “Jumhuriyat” gazetasi kolumnisti, o’g’irlangan eksponatlarni qaytarish masalasini uzoq yillar o’rgangan jurnalist O’zgan Ajar ham ana shunday fikrda.

“Turkiyada eksponatlarni talon-taroj qilish muammosi yanada og’ir tus olgan. Ayni paytda, ularni xorijdan qaytarish masalasiga e’tibor oshgan. Hukumat o’z uyidagi muammoni bartaraf etishga shoshilmayapti. Bu katta xato”, - deydi jurnalist.

Madaniyat vaziri bu da’volarga e’tiroz bildirib, so’nggi 12 yilda tarixiy obidalarni qazish ishlari 12 barobar oshganini aytadi. Turkiyaning kuchayib borayotgan iqtisodiyoti ham tarixiy buyumlarni qaytarishga bo’lgan urinishlar ortida turgan muhim omillardan.

Turkiya sayyohlar oqimini yanada oshirish uchun mamlakatning boy tarixidan unumli foydalanish yo’liga o’tgan. Reklamalarda bu yurtning sayyohlarga quyoshli plyajlardan ko’ra ko’proq narsa tortiq qila olishi aks etgan.

Shu maqsad yo’lida poytaxt Anqarada dunyoning eng katta arxeologik muzeyini qurish ko’zda tutilgan.

Muzeyshunos Basgelenning aytishicha, eksponatlarni qaytarishga qaratilgan zo’ravon siyosat borib-borib turk muzeylari va arxeologik loyihalariga zarar yetkazishi mumkin. Buning o’rniga, yodgorliklarni muzeylar uchun 40 yilga ijaraga berish masalasini ko’rish kerak, deydi u.

Ammo Turkiya Madaniyat vaziri o’z yo’lidan qoladiganga o’xshamaydi. U hozir Gretsiyani ham shunday yo’l tutishga undamoqda. Bu borada Italiya va Misr bilan ham muzokaralar olib borilmoqda.

Kuzatuvchilarning ogohlantirishicha, bunday harakat dunyoning mashhur muzeylari uchun katta yo’qotishlarga olib kelishi mumkin.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG