O'zbek ziyoli: Turkiya kuchli markazlashgan boshqaruvga muhtoj


Prezident Erdog'an Istanbulda so'zlamoqda. 8-may, 2016-yil.

Prezident Erdog'an Istanbulda so'zlamoqda. 8-may, 2016-yil.

Turkiya avtoritar boshqaruvga o’tmoqda degan xavotirlar kuchayar ekan, bu mamlakatda yashayotgan ayrim o’zbek ziyolilari nazarida markazlashgan kuchli boshqaruvga ehtiyoj bor. "Amerika Ovozi" bilan suhbatda o'zbek tahlilchi Namoz Normo'min bugungi siyosatni yoqladi.

Turkiya Bosh vaziri Ahmad Dovudo’g’li prezident bilan til topisha olmay lavozimdan ketmoqchi.

Yaqingacha Erdog’anning yaqin safdoshi bo’lib kelgan Dovudo’g’lining kutilmagan qarori kelishmovchiliklar naqadar chuqur ekanidan dalolat beradi. Dovudo’g’li Turkiyada prezidentlik boshqaruvining joriy etilishiga qarshi ekani aytiladi.

Turkiyada yashab kelayotgan Namoz Normo’min tahlilicha, bosh vazirning iste’fo berishi ma’muriy kelishmovchiliklarga borib taqaladi.

“Bu kelishmovchilik “Adolat va Taraqqiyot” partiyasidagi boshqaruv tizimiga bog’liq. Bu partiya - mamlakatdagi eng yirik partiya. Partiya majlisida tashkilotning tuman va viloyatlarga rahbarlarni tayinlash masalasi muhokama qilingan. Shu yerda tushunmovchiliklar bo’lgan. Shunga bog'liq, lekin bu kelishmovchilik Turkiyani tashqi yoki ichki siyosatiga bog’liq emas”, - deydi Normo’min.

Turk matbuotiga ko’ra, Erdog’an tashabbusida Dovudo’g’li ishtirokisiz partiya majlisi o’tkazilgan. Dovudo’g’li G’arb bilan iliq aloqada. Yevropa Ittifoqi bilan vizali tartib bekor qilish xususidagi muzokaralar ham uning xizmatidir.

Bosh vazirning bu faolligi Erdog’anga ma’qul emas, deya yozadi ishonchli manbalar.

Bosh vazirlikka ko’rsatilayotgan nomzodlar orasida Erdog’anning kuyovi, ayni paytda Energetika vaziri Berot Albayroq ham bor.

“Dunyoni boshqarayotgan katta kuchlar AQSh, Rossiya, Xitoy o’rtasida ziddiyatlar bor. Bunday vaziyatda Turkiya kabi kuchli yigirmalikdagi davlatdan markazlashtirilgan kuchli bir boshqaruv talab qilinadi. Hozir esa Turkiyada prezident bir ramziy vakolatga ega, hukumatni esa Bosh vazir boshqarishi kerak. Aslida esa prezident xalq tomonidan saylangan, shuning uchun ham Erdog’an men hukumatni boshqaruvchi siyosatchi sifatida faoliyat olib borishim kerak degan fikrda”, - deydi Normo’min.

Erdog’anga nisbatan asosiy tanqidlar shuki, matbuot erkinligi bo'g'ilgan, jurnalistlarga bosimlar kuchaygan va jamiyat tarqoqlashgan - islomiy va dunyoviy kuchlar orasida ziddiyat avj olib bormoqda.

Amaldagi konstitutsiyaga ko’ra, Turkiya - dunyoviy davlat. Yangi tahrirda dinga, islomiy qadriyatlarga ko’proq urg’u berilishi mumkin.

Namoz Normo'min, Turkiyada yashovchi o'zbek siyosatshunos

Namoz Normo'min, Turkiyada yashovchi o'zbek siyosatshunos

“Parlament raisi 1923-yilda qabul qilingan konstitutsiyadagi dunyoviylik qoidalari hozirgi talablarga javob bermaydi, bu qoidalar aholisining 99 foizi musulmonlar bo’lgan Turkiyaga moslashtirilishi kerak deb aytdi. Prezident ham bu borada ko’p bayonotlar qilgan. Dunyoviylik bu boshqa dinlarga nisbatan adolatli munosabatda bo’lish. Zotan islom dunyoviylikni rad etmaydi, din va davlat ishlarini ajratish kerak emas“, - deydi Namoz Normo’min.

Turkiya qamoqdagi jurnalistlar soni bo’yicha dunyodagi yetakchi davlatlardan. Erdog’an jurnalistlarga, matbuotga murosasiz munosabati bilan tanilgan. So’nggi paytda muxolifatga qarashli nashrlarda tintuvlar o’tkazildi, taniqli matbuotchilar hibsga olindi. Yaqinda mamlakatdagi nufuzli nashr - “Jumhuriyat” gazetasining ikki jurnalisti davlat sirlarini oshkor etganlikda ayblanib, besh yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.

“Turkiyada matbuot katta erkinliklarga ega, ammo hamma joyda bo’lgani kabi qonun bilan cheklangan. Sizga aytgan holat bo’yicha bu ikki jurnalist davlat sirlarini oshkor etgani uchun sudlandi. Har bir davlatning o’z sirlari bo’ladi. Bilasiz, Turkiyada hozir terrorizmga qarshi kurash, ayirmachilik dolzarb bo’lib turibdi. Cheklovlar shu doirada, qolgan nuqtalarda esa matbuot erkin”, - deydi Normo’min.

Erdog’an yetakchiligidagi “Adolat va Taraqqiyot” partiyasi Turkiya parlamenti uchun 2002-yilda o’tgan saylovlardagi g’alabasidan buyon qudratda qolmoqda. Ikki muddat bosh vazirlik qilgan Erdog’an hozir prezident.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG