NATO Turkiyani "Islomiy davlat"dan himoya qilishga tayyormi?

  • Amerika Ovozi

Kobani, Suriya

Kobani, Suriya

Suriyada, Turkiya chegarasidan bir necha kilometr narida "Islomiy davlat" jangarilari kurdlar yashovchi Kobani shahrini ishg'ol qilishga urinmoqda. Jihodchilar Turkiyaga hujum qilishi mumkin degan xavotirlar mavjud. Agar shunday bo'lsa, NATOga a'zo davlatlar Anqaraga yordam berishi kerak bo'ladi.

NATO nizomiga ko'ra, a'zolar hujumga uchrasa, bir-biriga ko'maklashishi lozim. Hujjatning beshinchi moddasida shunday deyilgan. Turkiya alyansga kurivchi 27 mamlakatdan biri. NATO yangi Bosh kotibi Yens Stoltenberg zarur bo'lsa, yordam beramiz, deydi.

"Agar Suriya mojarosi Turkiya hududiga o'tsa, NATO qo'l qovushtirib o'tirmaydi", - deydi u.

Biroq Yevropa tashqi aloqalar kengashi tahlilchisi Yozef Yanningning aytishicha, NATO Turkiya chegarasi himoyasidan boshqa ishga qo'l urmaydi.

"Albatta, alyans a'zolar birdamligini ko'rsatishga harakat qiladi, biroq shu bilan birga Turkiyaga Suriya, Iroq yoki boshqa joyda harbiy amaliyotlar olib borishda 100 foiz yordam bermaydi. NATOga a'zo davlatlarning ko'pi mojaroga jalb etilishni istamaydi, deb o'ylamayman", - deydi yevropalik tahlilchi.

Yanningning aytishicha, Suriyadagi vaziyat chigal bo'lib, ayrimlar nazarida NATO "Islomiy davlat"ga hujum qilib, Suriya Prezidenti Bashar Assadni kuchaytirishni istamaydi. Bundan tashqari Iroq va Afg'onistondagi uzoq va qimmat urushlardan so'ng NATO a'zolari yana bir urushga tortilmoqchi emas.

"NATO Suriyada amaliyot boshlashdan oldin uning oqibatlarini o'rganishga, Suriya uchun natijasi qanday bo'lishini belgilashga harakat qiladi", - deydi Yanning.

Ekspertlar nazarida NATO Turkiya oldidagi xavfsizlik majburiyatlaridan qochmaydi, ammo hisob-kitobni yaxshilab qiladi.

Karnegi jamg'armasining Yevropadagi tahlilchisi Judi Dempsiga ko'ra, Turkiyani himoya qilishga qaratilgan har qanday amaliyot NATO nizomining beshinchi moddasi asosida rasmiy maqom olishi kerak. Ammo shunda ham amaliyotga barcha a'zo-davlatlar jalb etilmasligi, yirik sonli piyoda askarlar ajratilmasligi mumkin.

"Albatta, NATO beshinchi moddani ishga solishi mumkin, biroq shunda ham amaliyotda qatnashish istagi borlar koalitsiyaga kirib, harakat qiladi. Biroq hozir aynan shunday vaziyatga guvohmiz. AQSh to'plagan koalitsiya havo hujumlarida ishtirok etmoqda", - deydi Dempsi.

Biroq shunda ham alyansga o'z ishtirokini cheklash oson bo'lmaydi, deydi mutaxassis.

"Operatsiyaga piyoda askarlar jalb etilmaguncha yoki biror siyosiy muzokaralarsiz "Islomiy davlat"ni yengish mumkin emas. Iroq armiyasi yaxshi tayyorlanmagan. Suriya vayron bo'lib yotibdi. Isroil shimolida ham vaziyat izdan chiqsa, o'ta xavfli manzaraga guvoh bo'lamiz", - deydi ekspert.

AQSh yetakchiligidagi havo hujumlariga qaramay, jihodchilar chekingani yo'q. Tahlilchi Yozef Yanningning aytishicha, NATO aralashuvi ehtimoli ham bu guruhni qo'rqita olmaydi.

"NATO harbiy harakatlarga qo'shilsa ham terrorchilar maqsadidan qaytmaydi. Aksincha, o'zining mintaqadagi ahamiyati tan olinganini ko'rib, yanada ruhlanishi mumkin", - deydi Yevropa tashqi aloqalar kengashi eksperti.

O'zaro mudofaa haqidagi kelishuv NATOning o'zagi bo'lib, alyans a'zosi xoh biror davlat qurolli kuchlari, xoh jangari guruh hujumiga uchrasin, qolgan a'zolar yordam qo'lini cho'zishi shart. "Islomiy davlat" Turkiyaga hujum qilsa, NATO madad berishi aniq, ammo madadning aynan qanday shaklda bo'lishi, hozircha ma'lum emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG