Kurd jangarilari Turkiyani tark eta boshlaydi

  • Dorian Jones

Kurdiston ishchilar partiyasiga mansub jangarilar yaqin orada Turkiyani tark eta boshlaydi. Hukumat va bu guruh o’rtasidagi sulh sekin-asta amalga oshmoqda.

Dunyo bo’ylab qisqacha PKK nomi bilan tanilgan Kurdiston Ishchilar partiyasining harbiy yetakchisi Murot Qorailon kelasi oy uning jangchilari Turkiyadan ketishini aytdi.

Bu haqda qo’shni Iroqda, guruhning harbiy bazasida o’tkazilgan matbuot anjumanida e’lon qilindi. Bir necha oy ichida taxminan ikki ming kurd jangarisi Turkiyani tark etadi.

“Milliyat” gazetasi muxbiri Kadri Gurselga ko’ra, aholi Turkiya hukumatidan muayyan qadamlar tashlashni kutmoqda.

“Tinchlik jarayonining bu muhim bosqichi kuzgacha davom etadi. Rasmiy Anqara ham o’z va’dalarini bajarishi, oradagi ishonchni oshirishga harakat qilishi kerak. Shundagina uzoq yillik mojaroga nuqta qo’yish mumkin”, - deydi jurnalist.

Kurdiston Ishchilar partiyasi ozchilikdagi guruhlar huquqi va avtonomiya uchun kurashishini aytib, 1984-yilda hukumatga qarshi qurol ko’targan. O’shandan beri 40 ming kishining yostig’i quridi, bir milliondan ziyod odam boshpanasiz qoldi.

Isyonchilar qo’ygan talablarning aksariyati ayni paytda Turkiya paylamenti ko’rib chiqayotgan yangi konstitutsiyada o’z aksini topadi.

Lekin “Human Rights Watch” inson huquqlari tashkiloti tinchlik jarayoni to’xtab qolmasligi uchun rasmiy Anqarani jadalroq harakatga chorlayapti. Qamoqdagi kurd faollari taqdiri birlamchi masala.

“Terrorizmda ayblangan minglab faollar qamoqda o’tiribdi, lekin bilamizki ularning ko’pi aslida hech qanday jiddiy jinoyat sodir etmagan. Siyosiy mahbuslarni ozod etish kerak”, - deydi tashkilotning Turkiyadagi vakili Emma Sinkler-Vebb.

Boshqa tarafdan, Turkiya hukumati millatchi guruhlar bosimiga ham ko’z yumolmaydi. Hafta boshida Anqara universitetida kurd va turk talabalari to’qnashib, politsiya namoyishchilarni tarqatish uchun suv va ko’zni yoshlantiruvchi gaz qo’llagan.

Tadqiqotchi Sinan Ulgenning aytishicha, bu nozik bir pallada ehtiyotkorlik zarur.

“Har ikki tomonning o’ziga yarasha talab-istaklari bor. Turklar hukumat nimalarni va’da berib qo’ydi ekan, deya shubha bilan qarayapti. Kurd aholi orasida ham o’xshash kayfiyat. Turk va kurd yetakchilari masalaga o’z tarafdorlari nuqtai nazaridan qarab, vaziyatni yumshatishga harakat qilsin”, - deydi Ulgen.

Ommaviy so’rovlar natijasiga ko’ra, turk va kurd fuqarolarining ko’pchiligi tinchlik muzokaralarini qo’llab-quvvatlaydi. Kuzatuvchilarning aytishicha, jarayonga siyosiy kuch bag’ishlayotgan omil shu.

Kelasi bir necha oy ichida kurd jangarilari Turkiya hududini rejadagidek tark etsa, oradagi ishonch yanada oshadi, deydi Kadri Gursel. Lekin bu Kurdiston Ishchilar partiyasi harbiy yoki siyosiy kuch sifatida yo’qolib ketadi degani emas.

“Ular regionda nufuzli guruh. Kurdlar yashaydigan to’rt davlatda - Eron, Turkiya, Iroq va Suriyada faol ish olib boradi. Bir mamlakatdan boshqasiga oson ko’chadi, kerak bo’lsa jangarilarni va faollarni yollaydi”, - deydi jurnalist.

Kurdiston Ishchilar partiyasi va Turkiya hukumati o’rtasidagi tinchlik tashabbusiga xayrixohlar ko’p bo’lsada, kelishuv yo’lida to’siqlar ham kam emas. Partiyaning yuqori lavozimdagi rasmiylari qurolini tashlab, siyosatga qadam qo’yish istagini bildirgan. Turklar bu taklifni qabul qilishini tasavvur etish qiyin.
XS
SM
MD
LG