Turkiya va kurdlar o'rtasidagi sulhning mintaqaga ta'siri qanday?

  • Amerika Ovozi

Turkiyaning Diyorbakir shahrida yuz minglab mahalliy kurdlar tinchlik istab Navro'z maydoniga to'plandi, 21-mart, 2013-yil.

Turkiyaning Diyorbakir shahrida yuz minglab mahalliy kurdlar tinchlik istab Navro'z maydoniga to'plandi, 21-mart, 2013-yil.

Turkiya hukumati va kurd isyonchilari o’rtasidagi tinchlik sulhi tarixiy voqea sifatida baholanmoqda. Kuzatuvchilarga ko’ra, bitim iqtisodiy va siyosiy jihatdan qo’shni Iroq va Suriyada istiqomat qilayotgan kurdlarga ham birdek foydali bo’ladi. Ammo boshqalar nazarida kurdlar bilan ittifoq Iroq va Suriya birligiga putur yetkazib, kurdlarning avtonomiyaga bo’lgan talabini yanada avj oldirishi mumkin.

O’tgan oy Kurdiston Ishchilar partiyasining hibsdagi rahbari nomidan tinchlik sulhi e’lon qilinib mamlakatda uzoq yillar davom etgan qonli isyon barham topishiga umid oshdi. Turkiyadagi Edam tadqiqot instituti tahlilchisi Sinan Ulgenning aytishicha, kurdlar isyonining tugashi nafaqat Turkiya, balki butun mintaqa uchun katta ahamiyatga ega.

“Turkiyaning o’z hududidagi kurdlar bilan kelishuvga erishishi Shimoliy Iroq yoki Suriyadagi kurdlar bilan ham til topishish uchun zamin hozirlaydi. Ya’ni Turkiyaning regiondagi ta’siri yanada oshib, ishonchli o’yinchiga aylanadi”, - deydi tahlilchi.

Turkiya kabi Iroq va Suriyada ham kurdlar aholining sezilarli qismini tashkil etadi. Anqara allaqachon Iroqdagi yarim-avtonom Kurdiston bilan yaqin iqtisodiy aloqalarga ega. Ikki mamlakat o’rtasida qurilishi rejalanayotgan neft va gaz quvurlari nafaqat energiyaga muhtoj Turkiya manfaatlariga xizmat qiladi, balki Iroq nefti uchun dunyo eshiklarini ochadi.

Istanbulda joylashgan “Global manba hamkorlari” tadqiqot firmasi vakili Attila Yesiladaning aytishicha, kurd muammosiga yechim topilsa, Anqara o’zining eng katta bosh og’rig’idan xalos bo’ladi.

“Hozirda biz energiya manbalari bo’yicha Rossiya va Eronga qarammiz. Bular notinch, hatto dushman kayfiyatidagi o’lkalardir. Ularning har biri gazdan o’z gapini o’tkazish vositasi sifatida foydalanadi. Agar biz gazni Iroqdan olsak, energiya manbalarimizni ancha kengaytirgan bo’lamiz. Tinchlik sulhi samara bermaguncha, kurdlar masalasi muammo bo’lib qolaveradi. Gaz quvurlari kurdlar hujumlariga uchrashi ehtimoli yuqori”, - deydi turk tahlilchisi.

Rasmiy Bag’dod bunday energiya loyihalarini amalga oshirish markaziy hukumat vakolatiga kirishini ta’kidlaydi. AQSh ham Kurdiston hukumatining bu loyihani mustaqil amalga oshirishidan xavotirda. Vashingtonga ko’ra, bunday harakat kurdlar orasida mustaqillik xohishini avj oldirishi mumkin.

Bahchashehir universiteti siyosiy tahlilchisi Chingiz Aqtar fikricha, Anqaraning Iroq kurdlari bilan yaqin hamkorlik o’rnatishi Bag’dodni xavotirga solishi tabiiy.

“Bag’dod va Anqara aql bilan ish tutib, Iroq shimolidagi Turkiya ta’siridan Iroq janubida tinchlik o’rnatishda ham unumli foydalanishi mumkin. Zotan bundan boshqa yo’l yo’q”, - deydi Aqtar.

O’tgan oy Kurdiston Ishchilar partiyasi yetakchilaridan biri Zubayr Aydar Turkiya va kurdlar o’rtasidagi tinchlik bitimi kengayib, butun regionni qamrab olishi mumkinligi haqida gapirgan edi. Unga ko’ra, hatto Turkiyaning Iroq va Suriya bilan chegaralari qayta belgilanishi mumkin.

Nima bo’lishidan qat’i nazar, Turkiya va kurd ittifoqi mintaqa kelajagiga katta ta’sir o’tkazadi, deydi tahlilchi Ulgen.

“Iroq va Suriyaning kelajagi mavhum ekan, mintaqada jiddiy o’zgarishlar bo’lishi ehtimoli yuqori. Bugun biz guvoh bo’layotgan beqarorlik va ur-surlar bu mamlakatlarni bo’lib yuborishi mumkin”, - deydi Ulgen.

Kurdiston Ishchilar partiyasi va Turkiya hukumati o’rtasidagi tinchlik sulhi hanuz ilk bosqichida. Har ikki tomon vaziyatni ehtiyotkorlik bilan kuzatmoqda. Agar bitim samara bersa, undan ham mintaqa, ham dunyo naf ko’rishi aniq, deydi mutaxassislar.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG