Turkiya saylovlardan oldin - tahdidlar jamiyatni bo'lib qo'ymoqda

  • Amerika Ovozi

Turkiyada iyun oyidagi saylovlar ketidan hech bir partiya ko'pchilik o'rinlarni qo'lga kiritolmaganidan so'ng koalitsion hukumat tuzishga ham kelishilmadi.

Endi 1-noyabr kuni muddatidan erta parlament saylovlari o'tkaziladi. Qo'shni mamlakatda urush, Turkiyaning o'zida esa xurujlar ro'y berayotgan bir paytda mamlakatdagi siyosiy jarayonlar jamiyat bo'linishiga sabab bo'lmoqda, deydi ayrim kuzatuvchilar.

Bu olti oyda ikkinchi saylov. Kampaniya murosasiz kechmoqda.

Prezident Rajab Toyib Erdog'anning "Adolat va taraqqiyot" partiyasi 13 yillik hukmronlikdan so'ng iyun oyida parlamentda ko'pchilik o'rinlarni boy berdi.

“Turkiya respublikasining ilk yillaridan beri jamiyatimizda siyosiy birdamlik deyarli bo'lmagan. "Adolat va taraqqiyot" partiyasi hukmronligining dastlabki 10 yilida esa birinchi marta bo'linishga chek qo'yildi, degan xayol paydo bo'ldi", - deydi Istanbuldagi Sehir universitetidan Farhod Kentel.

Tahlilchiga ko'ra, Erdog'an kurdlarga qo'shimcha huquqlar berilishi haqida so'z ochganida umid uchqunlari paydo bo'ldi, ammo keyinchalik siyosiy muhit yana o'z o'rniga qaytdi.

“2011-yildan keyin jamiyatda yana qutblashish kuzatildi", - deydi Farhod Kentel.

Tanqdichilarga ko'ra, Erdog'an partiyasi tobora konservativlashib bormoqda, avtoritarizm kuchaymoqda.

Kurdlar manfaatlarini himoya qiluvchi Xalq demokratik partiyasi tarafdorlaridan biriga ko'ra, Erdog'an boshida yaxshi edi, lekin iyun oyidagi saylovda g'alaba qozona olmagach, keskin o'zgardi.

"Uni deb kurdlar bilan urush boshlandi", - deydi Halit Oytekin.

Hukumat zo'ravonliklarning jonlanganida "Kurdiston ishchilar partiyasi" jangari guruhini ayblaydi. Bu o'rtada qo'shni Suriyada 4,5 yildan beri fuqarolar urushi davom etmoqda, Turkiya ikki million suriyalik qochqinni qabul qilishga majbur bo'ldi.

Prezidentning tarafdorlari nazarida, Erdog'an siyosati tufayli mintaqada Turkiyaga nisbatan hurmat oshdi.

“Kurdlar, turklar, alaviylar, suriyaliklar, arab davlatlarida hukumatlari tomonidan ezilayotgan barcha odamlar, Misrda Mursiy tarafdorlari - hammasi Erdog'anni yoqtiradi, men ham uni yoqtiraman", - deydi Mehmet Salmon.

Yangi hukumatga kim kirishidan qat'i nazar, bu kuchlar turk jamiyatini birlashtirishdek qiyin vazifa bilan yuzlashadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG