Namoyishlar tinmayotgan Turkiyada ish tashlash e'lon qilindi

  • Amerika Ovozi

Anqarada namoyishchilar suv, ko'zni yoshlantiruvchi gaz yordamida tarqatilgan.

Anqarada namoyishchilar suv, ko'zni yoshlantiruvchi gaz yordamida tarqatilgan.

Turkiya poytaxti Anqarada namoyishlar davom etar ekan, bugun mamlakat bo’ylab ish tashlashlar e’lon qilingan. Fuqarolar shu tariqa Istanbuldagi istirohat bog’idan namoyishchilarning haydalganiga e’tiroz bildirmoqda. Bu orada, hukumat armiyani ishga solishimiz mumkin deb ogohlantirish bildirgan.


Anqara politsiyasi kecha kechqurun minglab odamlarni tarqatish uchun ko’zni yoshlantiruvchi gaz va suvni ishga solgan.

“Bosh vazir Rajab Toyyib Erdog’anga dardimizni yetkaza olmayapmiz”, - deydi namoyishchilardan biri.

“Hukumat bizni hamon provokatorlar deb ta’riflayapti. Politsiyaga qo’l ko’tarmadik, lekin bizga zug’um qilishayapti. Zararli gaz va suv bilan haydashmoqda, hatto bolalar va keksa ayollarni”, - deydi u.

Yakshanba kuni Bosh vazir Erdog’an yuz minglab tarafdorlariga murojaatida Istanbul bog’idagi faollarni tarqatish – burchim edi, degan. Uning so’zlariga ko’ra, ikki haftadan beri tinmayotgan g’alayon terrorchilarning kirdikoridir. Erdog’an uni diktator deb chiqayotgan muxolifat da’volarini inkor etgan.

“Xalqni yo’ldan ozdirayotgan guruhlarni juda yaxshi bilamiz”, - deydi bosh vazir. “Adolatli saylovlardan boshqa usullarni izlayotgan bu odamlarga yo’l berish yo’q”, - deydi u.

Bu orada, Istanbulda politsiya odamlarni Taksim maydoniga yo’latmayapti. Hudud hukumatga qarshi isyonning markaziga aylangan. Ixtilof ikki hafta oldin hukumatning mahalliy bog’ni buzish rejasiga qarshi chiqishlardan boshlanib, tez orada Erdog’anga qarshi namoyishlar tusini olgan. Faollar bosh vazirni islomiy qarashlarini majburlab targ’ib qilayotganlikda ayblaydi.

Erdog’an o’tgan hafta istirohat bog’iga doir rejalarni sud qarori chiqquniga qadar qoldirishga va’da bergan edi. Sud hukumatni yoqlasa, masalani referendumga qo’yamiz, degan edi bosh vazir.

Shuningdek, kasaba uyushmalari namoyishchilarni qo’llab-quvvatlab, bugun ish tashlash e’lon qilgan. Bu kundalik hayotga qanchalik ta’sir qilishi aniq emas, deydi mutaxassislar.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG