Turkiyada huquqshunoslar namoyishga qo'shildi

  • Amerika Ovozi

Hukumatga qarshi g'alayonga qo'shilgan turk huquqshunoslari, 12-iyun, 2013-yil.

Hukumatga qarshi g'alayonga qo'shilgan turk huquqshunoslari, 12-iyun, 2013-yil.

Turkiyada hukumatga qarshi g’alayon davom etar ekan, kecha minglab huquqshunoslar ham qator hamkasblarining hibsga olinishi ortidan namoyishga qo’shilgan. Ayni paytda Bosh vazir Rajab Toyyib Erdog’an bir guruh namoyishchilarni qabul qilgan.


Istanbuldagi bosh sud binosi oldida kecha ikki mingdan ortiq huquqshunos yig’ilib, “hamma joyda Taksim, hamma joyda g’alayon”, - deya qichqirgan.

Ular Taksim maydonida politsiya sodir etgan noqonuniy holatlarga qarshi bosh ko’tarmoqda, deydi namoyishda qatnashgan yuristlardan biri.

Istanbul advokatlar uyushmasi rahbari Umid Xo’jasoqol politsiya faoliyatini keskin qoraladi.

Uning aytishicha, yoppasiga hammaga qarata gaz va plastik o’qlarining qo’llanishi noqonuniy. Namoyishchilar hasharotlar emas, ular odamlar, deydi u.

Tuni bilan shahar markazida politsiya va fuqarolar o’rtasida kurash davom etgan.

Seshanba kuni huquq-tartibot xodimlari kuch ishlatganidan norozi bo’lib bosh ko’targan 100 ga yaqin huquqshunos hibsga olingan. Keyinroq barchasi qo’yib yuborilgan.

Taksim maydoni hozir namoyishchilardan tozalangan. Uning yonidagi Gezi parkida hanuz odamlar bor, ammo atrofi politsiya tomonidan o’rab olingan.

Hukumatning istirohat bog’ini rivojlantirish haqidagi qaroriga qarshi boshlangan chiqishlar keyinchalik hukumatga qarshi harakatga aylandi. G’alayon 10 yildan beri hukmron Bosh vazir Erdog’an uchun shu damgacha kuzatilgan eng yirik qarshilikdir.

Kecha Erdog’an 11 talaba, tadqiqotchi va san’atkorlardan iborat namoyishchilar guruhini qabul qilgan.

Gezi parkida yig’ilgan ayrim guruhlar va bir qator fuqarolik uyushmalari uchrashuvni boykot qilishga chaqirgan.

Ularning aytishicha, ushbu guruh hukumat tomonidan tanlab olingan va davlat manfaatiga xizmat qiluvchi shaxslardan iborat.

Bu orada hokimiyatdagi partiya so'zlovchisi Gezi parki uchun Istanbulda referandum o'tkazilishi mumkin degan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG