Turkiyada namoyishlarning yangi to'lqini boshlandi

  • Amerika Ovozi

Xatay viloyatidagi namoyishdan, Turkiya, 11-sentabr, 2013-yil.

Xatay viloyatidagi namoyishdan, Turkiya, 11-sentabr, 2013-yil.

Turkiyaning eng yirik shahri bo’lgan Istanbulda hukumatga qarshi norozilik namoyishlari davom etmoqda. Xatay shahrida yosh bir yigit halok bo’lgach, g’alayon yanada keng tus olib, poytaxt Anqaragacha yoyildi.
Istanbul yana hukumatga qarshi chiqishlarga guvoh bo’lmoqda. O’tgan hafta namoyishchilardan biri Ahmet Atakan halok bo’lgach, ko’chalar darg’azab olomon bilan to’ldi. 22 yoshli yigitning qanday vafot etgani noma’lum. Politsiyaga ko’ra, u baland binodan qulab tushgan. Namoyishchilar esa uning ko’zdan yosh oqizuvchi gaz qutisi bilan to’qnashib jon berganini aytmoqda.

Istanbul ko’chalarida odamlar voqea yuzasidan o’z noroziligini izhor etmoqda.

Namoyishchilardan biri Ahmet Atakanni politsiya o’ldirgan, deydi.

Odamlar yo’llarga to’siqlar qurib, politsiya qo’llagan gazni tarqatish uchun olov yoqmoqda. Hukumat va xavfsizlik kuchlari esa noqonuniy namoyishlarga qarshi keskin choralar ko’rilishi haqida ogohlantirmoqda. Ammo bunday tahdid namoyishlar ko’lamining yanada kengayishiga xizmat qilmoqda.

Turkiyalik jurnalist Yasmin Chongarning aytishicha, politsiyaning kuch ishlatishi vaziyatni battar og’irlashtiryapti, xolos.

“Agar politsiya qattiq chora ko’rmaganda, namoyishlar bu qadar kengayib ketmagan bo’lardi. Hatto hozir sizga gapirib turgan paytimda ham ko’chada kechagi namoyishlardan qolgan gaz isi bor”, - deydi u.

Yakshanba kuni Istanbulning Kadikoy nohiyasida minglab odamlar yig’ilib, politsiya qo’llayotgan choralarga qarshi namoyish qildi. Shaharning bu qismi amaldagi hukumatga muxolif guruhlarning markazi hisoblanadi. So’nggi namoyishlar ham shu yerdan boshlangan.

Yakshanba kungi chiqishlar kuch bilan bostirildi. Politsiya odamlarga qarata suv, ko’zni yoshlantiruvchi gaz va rezina o’qlarini qo’lladi. Mahalliy matbuot xabariga ko’ra, bir qancha odam jarohatlangan.

Bundan oldingi namoyishlarda aholi bosh vazir Rajab Toyib Erdog’an hukumatining siyosati tobora avtoritar ko’rinish olib borayotganidan noligan edi. Hukumatning esa namoyishchilar talablariga yon bosish niyati yo’q. Rasmiylar g’alayonni fitna deb hisoblaydi.

Saylovda yutib chiqishga ko’zi yetmaydiganlar endi najotni ko’chalardan qidirmoqda, deydi Erdog’an. Uning aytishicha, demokratiya yo’liga g’ov bo’ladigan bunday boshboshdoqlikka va 12-sentabr voqealarining qayta takrorlanishiga yo’l qo’yilmaydi.
1980-yil 12-sentabr kuni Turkiyada qonuniy hukumat harbiylar tomonidan ag’darilgan edi. Jurnalist Chongarning aytishicha, aholining bir qismi hukumat tomonidan ajratib qo’yilgani rost.

“Odamlar, ayniqsa, Istanbulda, shuningdek, butun mamlakatda ko’chalarga chiqib baqirsak, bizni butun dunyoda eshitishadi, deb hisoblaydi. Bu ularning o’zlarini kuchliroq his qilayotganidan dalolat. Ular endi uyda jim o’tirishni istamaydi. Muammolarga qarshi kurashishga bel bog’lashgan”, - deydi turkiyalik jurnalist.

Bosh vazir namoyishlarni demokratik huquqlarning amaliy ijrosi emas, balki demokratiyaga tahdid sifatida ko’rar ekan, tahlilchilar g’alayonning hali-veri to’xtamasligi haqida gapirmoqda.

Turkiyada keyingi yili mahalliy va prezident saylovlari bo’lib o’tadi. Bunday sharoitda norozilik namoyishlari hukumat uchun boshog’riq bo’lishi aniq.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG