Turkiya xalqining namoyishlar bo'yicha fikri bo'lingan

  • Amerika Ovozi

Istanbulning Taksim maydonida namoyishlar, Turkiya, 8-iyun, 2013-yil

Istanbulning Taksim maydonida namoyishlar, Turkiya, 8-iyun, 2013-yil

Turkiya bosh vaziri Rajab Toyib Erdog’an namoyishchilar talabiga yon bermasligini aytmoqda. Omma hukumatning Istanbul markazidagi istirohat bog’ini ko’chirish rejasi va Erdog’an iste’fosini talab qilmoqda.

Juma kuni bosh vazir va uning hukmron “Adolat va taraqqiyot” partiyasi tarafdorlari “Erdog’anni himoya qilamiz”, “Unga qarshi chiqqanlarning adabini beramiz” degan shiorlar bilan qarshi namoyish qildi.

"Hukumatga qarshi namoyishlar noqonuniy va darhol bas qilinishi kerak", - dedi Erdog’an tarafdorlariga murojaat etib.

Bosh vazir "ozchilik talabiga bo’yin egmaymiz" deb Istanbuldagi bog’ni ko’chirish rejasini tasdiqladi.

Shaharning Uskudar tumanida hukmron partiya tarafdorlari ko'pchilikni tashkil etadi. Masjidlarning ko’pligidan u yerda, asosan, dindorlar yashashini taxmin qilish mumkin. Bosh vazirni Uskudarda juda hurmat qilishadi.

Tumanda yashovchi Mehmet ismli nafaqaxo’rning aytishicha, u so’nggi 10 yildan beri “Adolat va taraqqiyot” partiyasiga ovoz berib keladi. Peshin namozidan so’ng do’sti bilan suhbatlashar ekan, Mehmet hukumat tomonidaman, ammo namoyishchilarga qarshi kuch ishlatilganidan xavotirdaman, dedi.

"Menimcha, buzilishi rejalanayotgan park masalasida partiya xato yo’l tutdi. Uni himoya qilayotgan odamlar bilan o’tirib gaplashish kerak edi, ularning dardini tinglash kerak edi", - deydi u.

Mehmetning aytishicha, odamlarga ko’zni yoshlantiruvchi gaz sepishning zarurati yo’q edi.

"Namoyish nimadan boshlandiyu, bosh vazir uni qayerga burib yubordi", - deya ajablanadi bu odam.

Uskudarda do’konlar saf tortib turibdi. Ularning egalari ham Erdog’anning eng sodiq tarafdorlari. 28 yashar Bulent ham Mehmet kabi “Adolat va taraqqiyot” partiyasiga ovoz bergan. Uning kichkina do’konida chemodanlar sotiladi. Bulent nazarida namoyishchilar chegaradan chiqmoqda.

"Chiqishlarning birinchi 2-3 kuni daraxatlarni saqlashga qaratilgan edi, biroq keyin provokatorlar kelib, odamlarni yo’ldan urdi. Yaxshi niyat bilan boshlangan ishni beliga tepishdi, politsiyaga hujum qilishdi, tartibsizliklar boshlandi. Bunday bo’lishi kerak emas. Turli siyosiy guruhlardan chiqqan fitnachilar vaziyatni taranglashtirdi", - deydi Bulent.

Biroq uning nazarida bosh vazirning keskin chora ko’rgani yaxshi bo’lmadi.

"Odamlar bilan gaplashish kerak edi", - deydi Bulent ham.

Biroq uning ayrim safdoshlari Erdog’anda ayb yo’q, u hammasini to’g’ri qilyapti, degan fikrda.

Ahmat Qalqon ismli baliq sotuvchisi Erdog’anni Turkiya Respublikasining asoschisi Mustafo Kamol Otaturkdan keyin turuvchi buyuk rahbar deb hisoblaydi.

"“Mamlakat inqirozni boshdan kechiryapti” yoki “bosh vazirning kuni bitdi degan” gaplar safsata", - deydi u.

Ahmad Qalqon Turkiyadagi voqealarni arab bahoriga qiyoslash xato, deydi.

"Bu kabi namoyishlar jamiyat tinchini buzadi, ammo tez orada ularga barham beriladi. Yana 2-3 kundan so’ng. Turkiyada arab davlatlaridagiday bo’lmaydi. Namoyishlar bizni sindira olmaydi, turklar boshqacha. Bizda irq, millat, din qanday bo’lishidan qat’i nazar, bayrog’imiz bir", - deydi bu odam.

Uning aytishicha, Erdog’an hukumati mamlakatni so’nggi 10 yildan beri boshqaradi va ishini a’lo darajada uddalamoqda.

"Buni hamma biladi. Bosh vazirimiz xato qilmaydi. Tahdid tashqaridan kelmoqda", - deydi Ahmat Qalqon.

Biroq boshqalar nazarida chiqishlar turk demokratiyasiga tahdid emas.

"Agar Erdog’an namoyishlarning davom etishini istamasa, murosa qilishi zarur", - deydi ular.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG