Turkiyadagi voqealar ortidan savollar serob


Anqara, Turkiya

Anqara, Turkiya

Turkiyadagi davlat to'ntarishi ortidan ommaviy hibslar ketmoqda. Hozirgacha armiya, sud, politsiya xodimlaridan iborat 6 mingdan oshiq kishi hibsga olingan.

Yurt bo'ylab namoyishlar ham yakuniga yetmoqda. Jurnalist Kamoliddin Yo'ldosh Turkiyada jamoat tashkilotida ishlab kelayotgan o'zbekistonlik faollardan. U davlat to'ntarishi bilan bog'liq voqealarni bevosita kuzatib, ijtimoiy tarmoqlarda yoritib kelmoqda.

“To'ntarishdan keyingi ommaviy hibslar savollarni yuzaga chiqarmoqda: hibslar faqat harbiylardan iborat bo'ladimi yoki oddiy fuqarolarga qaratilgan repressiyalarga aylanadimi? Odatda tergov xulosasiga tayanib bir natija haqida gapirish kerak edi, lekin Turkiyada to'ntarish bo'lishidan bir soat o'tib hamma yoqda uchinchi tomonni ayblash boshlandi. Bu juda shubhali, shu ketishda tazyiqlar Turkiyada bugungi asosiy masala - parlament boshqaruvini yoqlab turgan muxolifatchilarga qaratilishi mumkin”, - deydi Kamoliddin Yo'ldosh.

Oradan uch kun o'tib, muxolif qarashdagi jamoatchilik ham, ayrim nashrlar ham amalga oshmagan isyon yuzasidan munozarali holatlarga e'tibor qarata boshlagan.

Kamoliddinning aytishicha, yaqin kunlarda ommaviy namoyishlar ham cheklab qo'yilishi mumkin:

“Oradan ikki kun o'tib tahlilchilar, ekspertlar savollarni ko'tarishayapti. Masalan, tanklar shahar markaziga qanday kirib keldi? F-16 osmonda uchib yurgan bo'lsa, Erdog'an qanday qilib Istanbulga qaytdi, kabi ko'plab savollar qo'yilmoqda”, - deydi jurnalist.

Hukumat AQShda yashayotgan Fathulla Gulenni g'alayon ortida turgan kuch sifatida ko'rmoqda. Dastlabki kunlarda Erdog'an surgan iddao keyinchalik boshqa rahbarlar tomonidan ham takrorlandi. Gulenning o'zi esa ayblovlarni inkor etgan.

“Turkiyada 2013-yilda Gulen bilan to'qnashuvlar kuzatilganidan buyon uning tashkilotlari, guruhiga nisbatan tinimsiz repressiyalar bo'ldi. Bundan tashqari, Gulen jamoasi hech qanchon kuch ishlatish yo'lidan bormasligini aytdi. Hibsga olinganlardan ham hozircha hech kim Gulen tomonidan biror ko'rsatma berilganini aytganicha yo'q. Davlat to'ntarishlarida diniy guruhni ayblash, menimcha, Erdog'anning katta xatosi bo'ldi”, - deydi Kamoliddin Yo'ldosh.

G'alayon 300 ga yaqin odamni hayotdan olib ketdi.

“Ko'chadagi askarlar qurollarini topshirishdi, ular otgani yo'q, ular davlat to'ntarishiga jalb qilingan maxsus kuchlarga emas, oddiy yosh bolalarga o'xshaydi. Otganlar asosan F-16 uchog'idagilar, ammo bu uchoqda kimlar bo'lgani ham katta savol”, - deydi Kamoliddin Yo'ldosh.

Erdog'an boshliq “Adolat va taraqqiyot” partiyasi diniy partiya sifatida taqdim etiladi. Muxolifat esa dunyoviylik tarafdorlaridan iborat. Mamlakatda avval ham to'ntarish qilib kelgan harbiylarga Mustafo Kamol Otaturk islohotining qo'riqchilari sifatida qaraladi. Navbatdagi to'ntarish siyosiy qutblar o'rtasida ziddiyatning cho'qqisi sifatida baholanmoqda.

“Muxolifat yetakchilaridan biri voqealarni tragikomediya sifatida baholadi. Shunday fikr tarqalgan. Kamolchilardan iborat muxolif partiyalar buni tanqid ostiga olishayapti. Chunki o'tmishdagi to'ntarishlarni kamolchilar amalga oshirgan. Hozirgi to'ntarishning muvaffaqiyatsizligi birinchi navbatda kamolchilarga soya tashlaydi. Armiya imidjiga darz ketishi, mamlakat himoyasiga, to'ntarishlarga ham qodir emas, degan qarash yuzaga kelishi mumkin. Ehtimol, muxolifat shuning uchun ham “Adolat va taraqqiyot” partiyasini shubha ostida ko'rayapti”, - deydi Kamoliddin Yo'ldosh.

So'nggi xabarlarga ko'ra, Turkiyada g'alayonlarni hukumat talqinidan o'zgacha yoritgan bir necha nashr faoliyati vaqtincha to'xtatilgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG