Turkiyada referendum: xalq konstitutsiyaga tuzatishni ma’qulladi

  • Amerika Ovozi

Turkiyada kechagi referendumda fuqaroning 58 foizi konstitutsiyaga tuzatish kiritish taklifini ma’qullagan.

Yevropa Ittifoqi bahosicha, referendum Turkiya xalqining islohotlarga tayyor ekanidan dalolat beradi. Hukumat mana shu takliflarni endi amalda bajarishi lozim, deydi Yevropa rasmiylari.

Turkiyada hukmron “Adolat va Taraqqiyot” partiyasi rahbari, Bosh vazir Rajab Toyib Erdog’an referendumda qatnashgan xalqqa minnatdorchilik bildirgan.

“12-sentabrda demokratiya g’alaba qildi. Harbiy to’ntarishlarni himoya qilganlar mag’lub bo’ldi. Referendum “ha” deganlar va “yo’q” deganlar uchun birday g’alaba hisoblanadi, chunki bu - demokratiyaning olg’a qadam bosishidan dalolat”, - deydi Bosh vazir Erdog’an.

Amaldagi bosh qomusni 30 yil ilgari, 1980-yilining 12-sentabrida hukumatni ag’dargan harbiy xunta tuzgan. Referendumdan so’ng kuchga kiradigan yangi konstitutsiyada 26 moddaga tuzatish kiritilgan.

Jumladan, fuqarolik sudlarida harbiylarni, davlatga qarshi jinoyatlarda gumon qilingan kishilarni javobgarlikka tortish mumkin. Xotin-qizlar va mehnatkashlar huquqlari yanada kengaytirilgan.

Kuzatuvchilar nazarida referendum islomiy yo’nalishdagi Adolat va Taraqqiyot Partiyasining siyosiy maveini yanada mustahkamlaydi. Ikkita yirik muxolif partiya -- Jumhuriyat Xalq partiyasi va Millatchi Harakat Partiyasi taklifga mutlaqo qarshi. Ular xavotiri shuki, sudlar hukumat nazoratiga o’tishi mumkin.

Referendum natijalariga ko’ra, endi konsitutsion suddagi sudyalar soni 11 dan 17 ga ko’payadi, hukumat esa sudyalar va prokurorlarni nomzod qilib ko’rsatishi mumkin.

Turkiyaning sharqiy viloyatlarida muxtoriyat talab qilgan mahalliy kurd partiyasi referendumni boykot qilgan edi.

Yevropa Ittifoqi Turkiyadagi konsitutsiyaviy o’zgartishlarni ijobiy baholamoqda. Ittifoq vakili Stefan Fuele bugun bergan izohida hukumatni islohotlarni tezda amalda tadbiq etishga chaqirgan.

Turkiyaning Yevropaga a’zo bo’lish masalasi 2005-yildan buyon muhokamada. Germanya va Fransiya a’zolikka qarshilik bildirib keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG