Turkiyada referendum: fuqarolar ikkiga bo'lingan

  • Amerika Ovozi

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an tarafdorlari davrasida, 12-aprel, 2017-yil.

Yakshanba kuni turkiyaliklar referendumda ovoz beradi. Davlatni parlamentar tizimdan prezidentlik boshqaruviga aylantirish masalasi ovozga qo’yilgan. Mavzu bo’yicha aholi ikkiga bo’lingan. Tanqidchilar nazarida, Prezident Rajab Toyib Erdog’an o’z hokimiyatini mustahkamlashga urinmoqda. Hukumat tarafdorlari esa demokratiya amal qilayotganini ta’kidlaydi.

Turkiyaning eng katta shahri bo’lgan Istanbulda ovoz beruvchilarning beshdan bir qismi yashaydi. Referendum taqdirini ular hal qilishi mumkin.

Ommaviy so’rovlarga ko’ra, natijani oldindan bashorat qilish qiyin. O’zgarish tarafdorlariga ko’ra, prezidentlik boshqaruvi barqarorlikni ta’minlash orqali demokratiyani mustahkamlaydi.

“Terrorchilarga qarshi, imperialistlarga qarshi ovoz beramiz”, deydi o’zgarish tarafdorlari. Qarshilar esa president hokimiyatining kuchayishi diktaturaga yetaklashini aytadi.

“Odamlar kelib nega qarshiligimizni so’rashadi. Ularga tushuntirishga harakat qilamiz. To’g’risi, bir kishilik rejimga qarshimiz”, - deydi norozilardan biri.

Har ikki tomondagilar bir fikrda yakdil: referendum amaldagi Prezident Rajab Toyib Erdog’an haqida.

Erodg’an tarafdorlarining aytishicha, president hokimiyati mustahkamlansa, Turkiyani taraqqiy ettirishga oid hozirgi dasturlar davom etadi. Hasan Gokalp shunday fikrdagilardan biri.

“Rajab Toyib Erdog’an partiya orqali hukumatga kelganda, dastlab, jinoiy guruhlarga qarshi kurashdi, sog’liqni saqlash sohasida jiddiy qadamlar tashladi. 2000-yillarga solishtirsak, Turkiyada 500 foizlik progress bor”, - deydi u.

Gokalp kabi fuqarolar konstitutsiyaviy islohotlardan ko’ra Erdog’anning muvaffaqiyatlariga ko’proq e’tibor qaratmoqda. Bu esa samarali strategiya bo’lishi mumkin. Chunki qariyb 20 yillik hukmronligi ortidan Erdog’an hanuz eng mashhur siyosatchi. Nafaqaxo’r Ibrohim Yazka ham uni qo’llab-quvvatlaydi.

“17-18 yildan beri Toyib Erdog’anga ovoz beraman. U hech qachon pand bermadi. Xohlasa, president saroyida o’tirib qog’ozlarga qo’l qo’yib tursa ham bo’lardi. Lekin bu odam vatanini shunchalik sevadiki, hech to’xtamaydi. Ko’proq ish qilish kerakligiga ishonadi. Shuning uchun unga ishonaman”, - deydi u.

Ammo referendum qanchalik adolatli o’tishi savol ostida. Istanbulning ko’plab hududlarida qarshi tomonning bayroqlari ko’zga tashlanmaydi. Ko’plab norozilik kampaniyalari o’tishiga rasmiylar ruxsat bermagan. So’nggi tadqiqotga ko’ra, matbuotdagi xabarlarning 90 foizida “Ha” deb ovoz beruvchilar kampaniyasi yoritilmoqda.

O’zgarishlarga qarshi va kurdlar manfaatlarini himoya qiluvchi muxolif partiya, ayniqsa, ko’p qiyinchiliklarga yuz tutmoqda

“Siyosiy bosimga duch kelyapmiz. Yetakchilarimiz va 13 parlament a’zosi qamoqda. 5000 ga yaqin odamlarimiz hibsda yoki sudlanmoqda. Shunday ekan, adolatli saylov va referendum haqida gapira olmaymiz. Lekin umidni uzmaymiz”, - deydi partiyaning mahalliy yetakchilaridan biri Erjan Demir.

Shunday to’siqlarga qaramay, referendum natijasi qanday bo’lishini oldindan aytish qiyin. Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, qarshi tomonga qo’yilayotgan bosimlar mamlakatda demokratiya allaqachon xavf ostida ekanini ko’rsatadi va bu holat qarshi ovoz beruvchilar sonini ko’paytirishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Fikringiz

XS
SM
MD
LG