Breaking News

Turkiya Eronni sanksiya bilan jazolashga qarshi


Amerika Davlat kotibi o'rinbosari Uilyam Berns, Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmad Dovuto'g'li
Amerika Davlat kotibi o'rinbosari Uilyam Berns, Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmad Dovuto'g'li

AQSh Davlat kotibining o’rinbosari Uilyam Berns Turkiyada. Rasmiy Anqarani Eronni yadroviy izlanishlari uchun qo’shimcha sanksiya bilan jazolashga ko’ndirmoqchi.

G’arb Tehronni ommaviy qirg’in quroli ustida ishlayotganlikda ayblab keladi. Turkiya tashabbusga qo’shilmoqchi emas.

Eron uranni boyitish uchun mo’ljallangan Fordo inshooti ishga tushgani haqida kecha bildirgan edi. Mahsulot Natanz zavodidan yetkazila boshlagan. Yuqori darajada boyitilgan uran yadro qurolini yaratishda qo’l keladi.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmad Dovuto’g’li xalqaro hamjamiyat muhokama qilayotgan yangi sanksiyalarga qarshimiz, deb avvaldan aytib kelgan. Shunday bo’lsa-da, Amerika diplomati Uilyam Berns rasmiy Anqarani fikridan qaytarmoqchi.

Turkiya BMT ning Eronga nisbatan amaldagi jazolarini qo’llab-quvvatlab keladi. Lekin Amerika va Yeropa Ittifoqi olg’a surayotgan yangi choralarni ortiqcha deb biladi.

Turkiyadagi “Milliyet” gazetasi muxbiri Semih Ildiz so’zlariga ko’ra, Amerika Anqaraga bot-bot diplomat jo’natib, so’zini o’tkazishga harakat qilyapti.

“Turkiya qarori tugal ekanini aytsa-da, Vashington unamay, bosimni oshirayapti. Eron bilan ham, AQSh bilan ham orani buzgisi kelmayotgan Turkiyani tushunish mumkin”, - deydi Ildiz.

Turkiyaning pozitsiyasi shuki, xalqaro hamjamiyat, xususan, Qo’shma Shtatlar Eron energiya sektorini yakkalab qo’ysa, islomiy respublika ahli jabr tortadi.

Lekin, deydi ekspert Mehrdod Emadi, Anqara xalqaro bosimga chidab, foyda ko’rmoqda.

“AQSh va Yevropa talabi bois Birlashgan Arab Amirliklari Eron bilan savdoni cheklashga majbur bo’ldi va bir yarim yil ichida islomiy davlat Turkiya bilan oldi-sotdini oshirdi”, - deydi Tehron-Anqara aloqalari bo’yicha ekspert Emadi.

Turkiya banklari Eronga oyiga bir milliard dollar o’tkazib, daromad qilmoqda. Jumladan, Eron nefti uchun Hindiston to’layotgan pul aynan Turkiyaning davlatga qarashli Xalq banki orqali o’tadi. Amerikada bo’limi yo’q ekan, AQSh sanksiyasining bankka zarari yo’q.

“AQSh Moliya vazirligi Turkiyani siquvga olib, buni to’xtatishga harakat qildi”, - deydi Xalqaro aloqalar bo’yicha tahlilchi Sol O’zel. “Lekin Xalq banki davlatniki. Rasmiy Anqara Eron bilan daromadli hamkorlikdan ajralishni ham, AQSh bilan orani buzishni ham xohlamaydi”, - deydi O’zel.

Iqtisodiyot, savdo sohasida kelishmasa-da, Turkiya va Amerika mintaqada yakdil siyosat yuritadi. O’tgan yili rasmiy Anqara NATOning Eronni nishonga oluvchi mudofaa tizimida qatnashishga rozilik berdi. Bu qaror Turkiyaning qo’shni islomiy respublikaga emas, G’arbga moyil ekanidan nishona deb ko’rildi.

Jurnalist Semih Ildiz nazarida AQSh va Turkiya Eronni deb urushib qolishni istamaydi.

“AQSh Iroqdan askarlarini olib chiqqan, Eron bilan aloqalar tobora tarang, Suriya namoyishlar domiga tortilgan bir paytda Oq uy bu strategik ittifoqchidan ayrilgisi yo’q”, - deydi muxbir.

Anqara Eron yadro dasturi atrofidagi ziddiyatni diplomatik yo’l bilan hal qilish tarafdori. O’tgan hafta Tehronga borgan Dovuto’g’lining aytishicha, Turkiya xalqaro anjumanga mezbon bo’lishga tayyor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG