Anqara-Moskva aloqalarida iqtisodiy hamkorlik ustun turadi

  • Amerika Ovozi

So'nggi yillarda o'zaro ishonchli aloqalarni rivojlantirishga harakat qilib kelgan Turkiya va Rossiya munosabatlari yana sovuqlasha boshlagan.

Prezident Vladimir Putin 1915-yilgi qonli voqealarni "genotsid" deya atagach, Turkiya rahbari 9-may tantanalariga Moskvaga bormadi. Orada diplomatik so'z urushi ketmoqda. Ammo mushtarak iqtisodiy manfaatlar jiddiy nizoga yo'l bermaydi.

Prezident Rajab Toyib Erdog'an G'arb yetakchilari qatorida Qizil maydonda o'tgan harbiy paradda qatnashmadi. Vladimir Putin Birinchi jahon urushi davridagi fojia ustidan bahslarda Armanistonning yonini olgani Turkiyani g'azabga keltilgan.

"O'tmishda qirg'in va etnik qatliomlarga qo'l urgan davlat bizga genotsid nimaligini o'rgatmasin", dedi prezident Erdog'an o'tgan oygi nutqida.

Jurnalist Semih Idizning aytishicha, yaqingacha namunali deb ko'rsatilgan aloqalar izdan chiqqan. "Erdog'an Moskvaga borish taklifini rad etgani bunga dalil. Ikki prezident bir-birini dildan tushunadi degan gaplarni hozir hech kim eslamaydi", - deydi u.

Dekabr oyida Putin Anqarada martabali mehmon sifatida kutib olingan, Turkiya strategik hamkorimiz degan bayonotlar yangragan edi. Tashrif yakunida Putin Yevropaga Bolgariya orqali gaz yetkazish rejasidan qaytib, yangi quvur Turkiya orqali o'tishini e'lon qilgan.

Energetika bo'yicha mutaxassis Vulqon O'zdemir fikricha, oradagi nizo savdo va gaz eksporti bilan bog'liq loyihalarga ta'sir etmaydi.

"Chunki iqtisodiy manfaatlar har narsadan ustun turadi. Turkiya Rossiyadan katta miqdorda mahsulot sotib oladi. Rossiya esa Turkiya uchun yirik bozor", - deydi u.

O'tgan hafta Gazprom korxonasi Turkiyadagi xususiy kompaniyalarni gaz bilan ta'minlashga kelishib oldi. Turkiya orqali Yevropaga gaz uzatuvchi quvur qurilishi boshlanish arafasida.

Kuzatuvchilarga ko'ra, Rossiyaga sanksiya qo'yib, uni iqtisodiy jihatdan yakkalashga harakat qilayotgan G'arb bu kabi kelishuvlardan norozi bo'lishi tayin. Anqaraning bu jazo choralari bilan ishi yo'q, Ukraina masalasiga ham aralashmaydi.

Soli Ozelga ko'ra, Anqara-Moskva munosabatlarini muvozanatli deyish qiyin.

Turkiya, deya qayd etadi u, genotsid mavzusi yuzasidan Avstriya, Vatikan va Lyuksemburgdan elchilarini chaqirib olgan edi, lekin Moskvadan chaqirib olmadi.

"Sabab shuki, arab bahori deya atalmish qo'zg'olonlar ketidan Turkiya o'zi ancha yakkalanib qolgan. Bunga qisman Prezident Erdog'anning qo'pol bayonotlari, "Musulmon Birodarlar" guruhini qo'llab-quvvatlagani sababchi", - deya tahlil qiladi jurnalist Semih Idiz.

Turkiya prezidenti maslahatchilaridan biri bugungi kunda tashqi siyosatda tanlagan yo'limiz shu, deya javob beradi. Biroq kuzatuvchilarga ko'ra, Rossiyadek yirik ittifoqchilar va iqtisodiy hamkorlar haqida gap ketganda, siyosatning ham chegarasi bor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG